Kamerun prezidenti Pol Biyya ijtimoiy tarmoqdagi bayonoti orqali 2025 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida ishtirok etishini ma’lum qildi. U mamlakat oldida turgan jiddiy muammolarga urg‘u berib, yana xizmat qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Biyya 1982 yildan buyon prezident lavozimini egallab kelmoqda va 92 yoshda. Uning hokimiyatda bo‘lish muddati dunyodagi eng uzoq davom etayotganlardan biri hisoblanadi.
Kamerundagi prezidentlik saylovlari 2025 yil 12 oktyabr kuniga belgilangan. Saylov bir turda o‘tkaziladi va eng ko‘p ovoz olgan nomzod g‘olib deb topiladi. Prezidentlik mandati muddati — 7 yil.
2008 yili Pol Biyya prezidentlik muddatiga bo‘lgan cheklovni bekor qilgan va endi u cheklovsiz qayta-qayta nomzodini qo‘ya oladi.
U oxirgi marta 2018 yildagi saylovlarda ishtirok etib, 71,28% ovoz bilan g‘olib chiqqan. Ammo oppozisiya saylovda ko‘plab qonunbuzarliklar bo‘lganini bildirgan edi.