Bugun 8 noyabr, 2025 yil, shanba

КИР

Dunyoda odam savdosi qurbonlari soni 25 foizga oshgan: qariyb 50 million kishi qullikda yashamoqda

Dunyoda odam savdosi qurbonlari soni 25 foizga oshgan: qariyb 50 million kishi qullikda yashamoqda

Odam savdosi jinoyatchi guruhlarga har yili 236 milliard dollar daromad keltirmoqda. Bu noqonuniy faoliyat giyohvand moddalar va qurol savdosidan keyin jinoyat daromadi bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi. Dunyo bo‘ylab qariyb 50 million kishi qullikda yashamoqda. Bu haqda BMTning Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan hisobotda so‘z boradi .

Qayd etilishicha, odam savdosi qurbonlari soni dunyo bo‘yicha 25 foizga oshgan. Hisobotda 2019-2023 yillar oralig‘idagi ma’lumotlar tahlil qilingan. Uch yil ichida 200 mingdan ortiq jabrlanganlar aniqlangan, ammo asl son bundan ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Odam savdosiga ijtimoiy va iqtisodiy omillar katta ta’sir ko‘rsatadi. Eng ko‘p zarar ko‘ruvchilar kambag‘al aholi qatlamlari, ijtimoiy ozchiliklar, qochqinlar va noqonuniy muhojirlar.

“Jinoyatchilar tobora ko‘proq odamlarni majburiy mehnatga, jumladan, murakkab onlayn firibgarlik va kiberjinoyatlarga jalb qilmoqda. Shu bilan birga, ayollar va qizlar jinsiy ekspluatasiya va gender zo‘ravonligining ortayotgan xavfiga duch kelmoqda” , deydi BMTning Venadagi bo‘limi bosh direktori Gada Vali.

UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, 30 million migrant bola odam savdosining qurboni bo‘lish xavfi ostida. Mutaxassislar ularni ekspluatasiya tahdidiga eng ko‘p duchor qilayotgan omil bu iqlim o‘zgarishi ekanini ta’kidlamoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2050 yilga borib tabiiy ofatlar tufayli 216 million kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ladi. Ularning aksariyati Janubiy Osiyo, Lotin Amerikasi va Afrika davlatlaridan bo‘lishi kutilmoqda.

Tashkilotning xabar berishicha, faqat 2022 yilda harbiy mojarolar va gumanitar inqiroz sababli 37 million bola majburan ko‘chirilgan. Bu Ikkinchi jahon urushi tugaganidan buyon eng yuqori ko‘rsatkich.

UNICEF’ning so‘nggi hisobotida keltirilishicha, bugungi kunda 140 million bola ishlashga majbur. Ularning aksariyati Afrikada yashaydi – bu qit’ada 87 million voyaga yetmagan bola mehnat qilmoqda. Osiyo-Tinch okeani mintaqasi ikkinchi o‘rinda – u yerda 28 million bola majburiy mehnat xavfi ostida. Lotin Amerikasi va Karib havzasida esa bu ko‘rsatkich 8 millionni tashkil etadi.

Ulardan qariyb yarmi sog‘lig‘i va xavfsizligiga tahdid soluvchi xavfli mehnat turlariga jalb etilgan. Tashkilot hisobotiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi bolalar mehnatining eng katta sohasi bo‘lib qolmoqda va barcha holatlarning 60 foizi aynan shu yo‘nalishga to‘g‘ri keladi. Undan keyingi o‘rinlarda xizmat ko‘rsatish sohasi hamda sanoat, jumladan, konchilik va qayta ishlash tarmoqlari turadi.

Kiritildi: 14:42 07.11.2025. O'qildi: 336 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!