2025 yilda dunyo zavodlarida ishlayotgan sanoat robotlari soni rekord darajaga — 5 milliontaga yetdi. Bir yilda zavodlarga 600 mingdan ortiq yangi robot o‘rnatildi. Bu 2024 yilga nisbatan 11 foiz ko‘p
Yangi robotlarning 59 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keldi. Mamlakat zavodlari 354 mingta robot o‘rnatdi. Xitoyda birinchi marta mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ichki bozordagi ulushi xorijiy kompaniyalardan oshib, 55 foizga yetdi.
AQSh 2025 yilda Yaponiyani ortda qoldirib, sanoat robotlari bo‘yicha dunyodagi ikkinchi yirik bozorga aylandi. Hindistonda esa robot o‘rnatish hajmi bir yilda 15 foizga o‘sdi.
Xalqaro robototexnika federasiyasi prognozicha, 2026 yilda dunyoda yana 655 mingta yangi sanoat roboti o‘rnatiladi. 2029 yilga borib bu ko‘rsatkich yiliga 806 mingtaga yetishi mumkin.
Mutaxassislar robotlashtirishning asosiy sabablari sifatida ishchi kuchi tanqisligi, ishlab chiqarishni iste’mol bozorlariga yaqinlashtirish hamda sun’iy intellekt, mashinali ko‘rish va sensor texnologiyalarining rivojlanishini ko‘rsatmoqda.