Dunyo yangi yadroviy qurollanish poygasining guvohi bo‘lyapti — Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti.
Yadroviy qurollanish poygasida deyarli barcha to‘qqiz yadroviy davlat — AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Shimoliy Koreya va Isroil o‘zlarining yadroviy arsenallarini modernizasiya qilish va kengaytirish bo‘yicha jadal dasturlarni amalga oshirmoqda, deyiladi Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI)ning 56 yillik hisobotida.
Yangi yadro qurollarini joylashtirish jadallashib bormoqda va yaqin yillarda yangi jangovar kallaklar sonining o‘sishi eskilarini demontaj qilish tezligidan oshib ketadi, deb hisoblaydi SIPRI.
SIPRI ekspertlarining qayd etishicha, bu fonda Xitoyning yadro salohiyati ayniqsa tez o‘sib bormoqda. 2023 yildan beri Xitoy armiyasi o‘z arsenalini har yili 100 ga yaqin yadro kallaklariga ko‘paytirmoqda va jami zaxiralar tez orada 600 ta kallakka yetadi. Shu bilan birga, Xitoy qit’alararo ballistik raketalar uchun yuzlab yangi shaxtalar qurmoqda, bu esa 2020-yillarning oxiriga borib Rossiya va AQSh bilan tenglikka olib kelishi mumkin, deb taxmin qilmoqda SIPRI.
Bu sur’atda Xitoy 2035 yilga borib 1500 ta jangovar kallakdan iborat arsenalni to‘plashi mumkin, ammo shunga qaramay, u Rossiya va Amerika zaxiralaridan sezilarli darajada kichikroq bo‘ladi. Shimoliy Koreya kichikroq miqyosda bo‘lsa-da, yadroviy arsenalini oshirish maqsadini agressivlik bilan davom ettirmoqda, deya xulosa qiladi SIPRI.