Bugun 11 iyun, 2026 yil, payshanba

КИР

Dunyo urush holatida: mojarolar soni Ikkinchi jahon urushidan beri rekord darajaga yetdi

Dunyo urush holatida: mojarolar soni Ikkinchi jahon urushidan beri rekord darajaga yetdi

Norvegiyaning Tinchlik tadqiqotlari instituti (PRIO) tomonidan tayyorlangan yillik hisobotga ko‘ra, 2025 yilda davlatlar ishtirokidagi qurolli mojarolar soni 1946 yildan buyon eng yuqori darajaga yetgan.

«Mojarolar tendensiyalari» hisobotida kamida bitta davlat ishtirok etayotgan 65 ta qurolli mojaro qayd etilgan. Ularning sakkiztasi davlatlararo to‘qnashuvlar hisoblanadi. Ular qatoriga Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush, Hindiston va Pokiston, Pokiston va Afg‘oniston, Kambodja va Tailand o‘rtasidagi chegara to‘qnashuvlari hamda Isroilning Suriya hududiga bergan zarbalari kiritilgan.

Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, 2025 yil qurbonlar soni bo‘yicha 1994 yildagi Ruanda genosidi va 2021 yildagi Efiopiyadagi fuqarolar urushi avj olgan davrdan keyingi eng og‘ir yillardan biri bo‘lgan.

Hisobotga ko‘ra, harbiy harakatlar va siyosiy zo‘ravonliklar oqibatida halok bo‘lganlar soni taxminan 245 ming kishini tashkil etgan. Shundan 76,5 ming nafari tinch aholi bo‘lib, bu umumiy qurbonlarning chorak qismidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan qariyb besh barobar ko‘pdir.

Mutaxassislar qurbonlar sonining keskin oshishini asosan Sudandagi qurolli to‘qnashuvlar bilan bog‘lamoqda. Mamlakatda hukumat qo‘shinlari va isyonchilar o‘rtasidagi janglar, qirg‘inlar hamda gumanitar inqiroz o‘tgan yili o‘n minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan.

PRIO tadqiqotchisi Siri Os Rustadning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda bir vaqtning o‘zida bir nechta yirik mojarolar davom etmoqda yoki biri tugashi bilan boshqasi boshlanmoqda.

«Dunyoga deyarli tinchlik berilmayapti. Avvalgi yillardan farqli ravishda, mojarolarning shiddati yuqori va doimiy bo‘lib qolmoqda», — dedi u.

Hisobotda Afrika davlat ishtirokidagi 29 ta mojaro bilan eng notinch mintaqa sifatida qayd etilgan. Undan keyin Osiyo va Yaqin Sharq keladi. Yevropa hududida esa bitta yirik davlatlararo urush mavjud bo‘lsa-da, uning ko‘lami qit’a Ikkinchi jahon urushidan beri ko‘rmagan darajaga yetgani ta’kidlangan.

Tadqiqotchilarning fikricha, dunyoda «urush» deb baholanishi mumkin bo‘lgan yirik qurolli mojarolar soni ham yil sayin ortib bormoqda.

Kiritildi: 21:01 09.06.2026. O'qildi: 693 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!