Dunyo okeanlarida milliard barrel neft to‘planib qoldi, bu neft sanksiyalar tufayli yetkazib berilmayapti, deb yozmoqda Bloomberg.
Agentlikning ma’lum qilishicha, yoz oxiridan beri okeanlarda tankerlar ichida saqlanayotgan neft hajmi keskin oshib, milliard barrelga yetgan. Ushbu o‘sishning 40 foizigacha bo‘lgan qismini Rossiya, Venesuela va Eron nefti yoki kelib chiqishi noaniq bo‘lgan neft tashkil etadi.
Bloomberg tahliliga ko‘ra, dunyo okeanlarida tankerlar eng ko‘p to‘planib qolgan neft Rossiyanikidir. So‘nggi haftalarda Rossiya OPEK mamlakatlari bilan kelishuv doirasida neft qazib olishni ko‘paytirgani sababli dengiz orqali eksport hajmi ortgan. Shuningdek, Rossiya nefti Ukraina hujumlari xavfi tufayli, neftni qayta ishlash zavodlaridan eksport terminallariga yo‘naltirilgan bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, G‘arbning sanksiyalari sababli ayrim davlatlar Rossiya neftini tashiyotgan tankerlarni o‘z portlariga qabul qilishdan bosh tortmoqda. Oktyabr oxiriga kelib, dunyo bo‘ylab tankerlarda to‘plangan Rossiya nefti hajmi qariyb 390 million barrelga yetgan.