AQSh bilan urush rasman yakunlanganidan so‘ng Eronda oliy rahbar almashishi kutilmoqda. Bu haqda Iran Wire sayti Eron elitasi ichidagi turli fraksiyalar bilan bog‘liq ikki nafar «yaxshi xabardor manba»ga tayanib xabar bermoqda.
Manbalarga ko‘ra, siyosiy rahbariyatning deyarli barcha vakillari va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining deyarli barcha qo‘mondonlari oliy rahbar Mojtaba Xomanaiyning yashirinib, deyarli hech kim bilan uchrashmayotgan hozirgi holatini uzoq vaqt davom ettirib bo‘lmaydi, degan fikrda. Ko‘pchilik rahbar nomidan kelayotgan buyruqlar ularga o‘zgarishsiz yetib kelayotganiga shubha qila boshlagan.
Manbalarning aytishicha, Mojtaba Xomanaiy «turli sabablarga ko‘ra, asosan jismoniy holati tufayli, oliy rahbarning barcha vazifalarini bajara olmayapti». Shu sababli AQSh bilan kelishuv tuzilganidan keyin oliy rahbarni saylash uchun yangi saylov o‘tkazilishi mumkin.
Bu Mojtaba Xomanaiyning salomatligi yomon ekani haqidagi mish-mishlarni Eron rejimi ichidagi manbalardan chiqqan, garchi anonim bo‘lsa-da, deyarli birinchi tasdiqlashlardan biri hisoblanadi.
Oliy rahbarni layoqatli va nufuzli ulamoga almashtirish ssenariyiga AQShga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lgan radikal doiralar qarshi chiqmoqda. Ular G‘arb bilan saqlanib qolayotgan ziddiyatdan moliyaviy manfaat ham ko‘radi. Ular mamlakatda amalda haqiqiy rahbarning yo‘qligidan manfaatdor.
Ular orasida hozirgi «Basij» rahbari, 2009–2022 yillarda esa KIR razvedka xizmati direktori bo‘lgan Husayn Toyib alohida ajralib turadi.
Shu munosabat bilan ayrim radikal qarashdagi OAVlar Toyib Eron prezidenti lavozimiga tayinlanishi mumkinligi haqida yozmoqda. Bunday variant unga mos kelishi mumkin edi: u amalda davlat rahbariga aylanib, layoqatsiz Xomanaiy nomidan mamlakatni boshqarar edi.