O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 oktyabrdagi “Umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish to‘g‘risida” 646-son qarorida bosqichma-bosqich umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etilishi belgilangan bo‘lib, hozirga qadar kimyo, biologiya, matematika hamda ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) fanlaridan milliy test tizimi joriy etildi.
Mazkur qarorga muvofiq test savollari Xalq ta’limi vazirligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan ishlab chiqildi va test sinovlari Davlat test markazi tomonidan respublikamizning barcha hududlarida tashkil etilib, o‘tkazildi.
Hozirga qadar kimyo, biologiya, matematika hamda ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) fanlaridan 2 marotaba milliy sertifikat uchun test sinovlari tashkil etildi. Test sinovlari jarayoni to‘liq videokuzatuv kameralari ostida o‘tkazildi.
Test materiallari Davlat feld’egerlik xizmati xodimlari tomonidan test sinovi o‘tkaziladigan binolarga maxsus transport vositalari orqali maxfiylik ta’minlangan holda test sinovi boshlanishidan bir soat oldin yetkazildi. Test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng Davlat feld’egerlik xizmati xodimlari muhrlangan maxsus qoplardagi test materiallarini Davlat test markazi xodimlaridan qabul qilib oldi va barcha materiallar to‘liq holda Davlat test markaziga qayta yetkazilishi ta’minlandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda yozilgan maqolalarda keltirilgan kimyo fanidan test topshiriqlarining ayrimlari 11 may kuni o‘tkazilgan jarayonga tegishli bo‘lib, 9 iyun kuni o‘tkazilgan imtihonda mazkur test topshiriqlaridan foydalanilmagan. Biologiya fani bo‘yicha keltirilgan test topshiriqlari haqiqatan ham 10 iyun kuni o‘tkazilgan test sinovlariga oid. Biroq u test sinovi o‘tkazib bo‘linganidan keyin test sinoviga kirgan shaxslar tomonidan yodlab chiqilgan savollar asosida juda ko‘plab xatolar bilan kompyuterda terilganligi, rasmli test topshiriqlarida rasmlarning keltirilmaganligi aniqlandi.
Olingan oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim o‘quv markazlari tomonidan “bu savollar tushadi” bahonasida tayyorlangan savollar jamlanmasi shaxslarga sotilganligi ma’lum bo‘ldi.
Bugungi kunda mazkur holatlar bo‘yicha tegishli huquqni muhofaza qilish organlari va Davlat test markazi hamkorligida tekshirish ishlari olib borilmoqda.