“Zarur dorixona amaliyoti” standartiga ko‘ra, 2026 yilgacha barcha dorixonalar maxsus sertifikat olishi kerak.
Lekin amaliyotda bu jarayon tadbirkorlar uchun og‘ir yukka aylandi: sertifikat olish uchun 8,5 million so‘m, har 9 oydagi tekshiruv uchun esa yana 3,2 million so‘m to‘lanmoqda.
Ko‘pchilik dorixona egalari buni qonun bilan belgilanmagan majburiy yig‘im deb baholamoqda. Ular sanitariya, gigiyena va termometr qiyoslovi bo‘yicha ortiqcha qog‘ozbozlikdan ham norozi.
Senator Bahrom Abdullayev bu holat yuzasidan Farmasevtika agentligi direktori Abdulla Azizovga rasmiy so‘rov yubordi.
Senator so‘rovida to‘lovlar qanday asosda hisoblangani, yig‘ilgan mablag‘lar qayerga sarflanayotgani va agar majburiy to‘lov bekor qilinsa, oldin to‘langan pullar taqdiri nima bo‘lishi haqida javob berish so‘ralgan (https://senat.uz/senator-request/post-4267).