AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat Oliy sudining import bojlari bo‘yicha qarori unga avvalgidan ancha ko‘proq vakolat berganini ma’lum qildi.
U bu haqda o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
Trampning fikricha, Supreme Court of the United States qarori “tasodifan va ixtiyorsiz ravishda” prezident sifatidagi vakolatlarini kengaytirgan.
“Qo‘shma Shtatlar Oliy sudi meni, AQSh prezidenti sifatida, avvalgidan ham kattaroq vakolat va hokimiyat bilan ta’minladi”, — deya ta’kidladi u.
Tramp ayrim xorijiy davlatlar “o‘nlab yillar davomida AQShni aldab kelganini” bildirib, endilikda savdo lisenziyalari orqali ularga bosimni kuchaytirish imkoniyati borligini aytdi.
20 fevral kuni AQSh Oliy sudi favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun prezidentga bunday tariflarni joriy etish huquqini bermasligi haqida qaror chiqargan edi. Shundan so‘ng Tramp zaxira rejadan foydalanishini ma’lum qildi hamda avval joriy etilgan import bojlarini barcha davlatlar uchun 10 foizdan 15 foizga oshirdi.