Qo‘shma Shtatlar prezidenti o‘z partiyadoshlariga shatdaunni to‘xtatish uchun “kozir karta”ni ishga solish, ya’ni Senatda “obstruksiya qoidasi”ni bekor qilishni taklif etdi.
"Respublikachilarga kozir kartani ishga solish va yadroviy deb ataladigan variantga o‘tish vaqti keldi – obstruksiyadan xalos bo‘lish va undan darhol qutulish kerak!", — deya yozdi u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Obstruksiya (filibuster) - bu Senatning (Kongressning yuqori palatasi) o‘ziga xos qoidasi bo‘lib, unga ko‘ra aksariyat qonunlar palataning 100 a’zosidan 60 tasining roziligi bilan qabul qilinishi lozim. Respublikachilar Senatda ko‘pchilikni tashkil etsa-da (53 ta), ularda 60 ta ovoz yo‘q. Shu bois, agar ovoz berish partiyaviy tamoyil bo‘yicha o‘tkazilsa, qonun Senatda tasdiqdanlanmaydi.
The Independent gazetasining yozishicha, respublikachilar o‘z ustunligidan foydalanib, obstruksiyani bekor qilishlari mumkin. Biroq ko‘plab yetakchi respublikachi kongressmenlar bunday qadamga bir necha bor qarshi chiqishgan. Chunki keyinchalik, agar demokratlar Senatda ko‘pchilikni tashkil etsalar, bu ularga qo‘l kelishi mumkin.