20 iyun kunidan barcha diniy ta’lim muassasalarida 2023–2024 o‘quv yili uchun qabul hay’atlari o‘z ishini boshladi. Abiturentlarning hujjatlarini qabul qilish jarayoni tegishi tartib-qoidalar asosida amalga oshirilmoqda.
Ayni damda diniy ta’lim bilim yurtlarida abituriyentlar qabul qilish uchun kerakli sharoitlar hozirlangan.
Jumladan, bugun boshlangan “Qabul–2023” jarayoni bilan yaqindan tanishish uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimi Nusratullo Nodirov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy tadqiqodlar bo‘limi xodimi Abdunosir Bobamirzayevlar Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurtiga tashrif buyurishdi.
Qabul jarayoni Qur’oni karim tilovati va duoyu xayrlar bilan boshlandi.
Mehmonlar Bilim yurti mudiri, Qabul hay’ati raisi Abdulhakim qori Matqulov hamrohligida qabul uchun yaratilgan barcha sharoitlarni ko‘zdan kechirib, abituriyentlar bilan o‘tkazilayotgan suhbat va hujjatlarni qabul qilish bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, qabul jarayoni borasida kerakli tavsiyalar berdi.'