Xonanda Dilfuza Ismoilovani 80 ming dollarga chuv tushirgan ayol ozodlikdan mahrum etildi. Kecha, 29 aprel kuni sud hukmi o‘qildi.
55 yoshli M.J. o‘zini sitrus mevalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor sifatida ko‘rsatib, xonandaning ishonchiga kirgan va pul talab qilgan. Ular foydani bo‘lishishga kelishgan, ammo ayol pulni o‘zlashtirgan.
Uchtepa tuman sudi M.J.ni juda ko‘p miqdordagi firibgarlik va qalbaki hujjatlar ishi bo‘yicha aybli deb topdi. Unga 6 yil-u 4 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sud, shuningdek, jabrlanuvchilar foydasiga moddiy zararni undirishni ham belgiladi. Firibgardan faqat Dilfuza Ismoilova emas, yana to‘rt kishi ham jabr ko‘rgan.