Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Deputat: To‘yni qachon va qanday o‘tkazish har kimning o‘z ishi, degan qarash noto‘g‘ri!

Deputat: To‘yni qachon va qanday o‘tkazish har kimning o‘z ishi, degan qarash noto‘g‘ri!

Taqdirida ota-ona bo‘lish saodati bitilgan har bir kishi borki, xatna to‘yi qilish, o‘g‘il uylantirish, qiz uzatish burchini sidqidildan ado etishni niyat qiladi. To‘y faqat bir oilaning shirin tashvishi emas, bunday marosimlar aslida jamiyat o‘rtasida shakllangan munosabatlar mahsuli – ijtimoiy hodisa sanaladi. Shu jihatdan to‘yni qachon va qanday o‘tkazish har kimning o‘z ishi, degan qarash noto‘g‘ri.

Xususan, nikoh va xatna mohiyatan diniy toifadagi marosimlardan bo‘lib, ularni o‘tkazishning o‘ziga yarasha shartlari mavjud. Din asrlar davomida bu kabi tadbirlar yordamida ro‘y berayotgan ijtimoiy hodisalarni odob-axloq, iymon va diyonat, ijtimoiy-milliy me’yorlarga yo‘naltirishga xizmat qilgan.

Lekin shuni unutmaslik kerakki, diniy marosim bilan to‘yning farqi bor. Misol uchun, qadimda nikoh marosimiga yaqin qarindoshlar, yor-do‘stlar, mahalla ahli chaqirilgan. Maqsad to‘y sababchilari bo‘lgan ikki yoshning bir-biriga mahramligini bildirish bo‘lgan. Shu sababli nikoh marosimida guvohlar bo‘lishi shart hisoblanadi. Nikoh o‘qilishi, Qur’on tilovati esa bu rishtaning muqaddasligidan, axloq doirasida tuzilayotganidan dalolatdir.

Azaldan marosimning uzoq-yaqindan kelgan ishtirokchilari – mehmonlarga baholi qudrat dasturxon yozilgan, ammo bu holat hozirgi to‘ylardan tubdan farq qilgan. Chunki bugun ayrim hollarda nikoh, xatna marosimlari noma’qul hashamga aylanib ketmoqda. Masalan, nikoh to‘yi marosimlari dabdabali dasturxon, kazo-kazo xonanda va raqqosalar, ikki-uchtalab tasvirga oluvchi hamda yevropacha "chiroyli" udumlar bilan shu qadar bezatilayaptiki, bu tantana to‘y egasi va uning oilasi "taqdimoti"ga aylanib qolayapti. Kafe va restoranlar esa taqdimot sahnasi go‘yo. To‘y sohibi bu sahnada oilasi "nufuzi"ni namoyish etishi oddiy hol bo‘lib ko‘rinmoqda. Aslida esa aynan shuning ortidan oilaviy mojarolar, nizo-janjallar, ajralishlar, qudalar o‘rtasida sovuqchilik ko‘payib borayapti.

O‘tmishni eslaylik, ota-bobolarimiz o‘zining boyligi, mol-mulkini namoyish etish uyoqda tursin, bu haqda hatto gapirishni ayb bilgan. Negaki, kamtarlik kishi ko‘rki, ziynati ekaniga astoydil e’tiqod qilingan.

Bugun-chi? Bugun ba’zi pul topib aql topmagan, ma’naviyati qashshoq kimsalar to‘y-hashamlar, ma’rakalarni o‘tkazish bo‘yicha xuddiki raqobatga kirishgan. To‘ydan to‘ygacha turli yangi "marosim"lar o‘ylab topilayapti. To‘ylarimizda isrof ko‘pligi ham haqiqat. Gap faqat to‘kin-sochin dasturxon yoki to‘yga sarflangan xarajatlarda emas, to‘y sohibining boshqalarga ko‘rsatayotgan "ibrati"ning oxiri voy bo‘layapti. Oddiy misol: yon-atrofimizda soppa-sog‘ yurgan ayrim odamlar hali qarishga ulgurmay, qon bosimining keskin oshib ketishi, yurak xuruji yoki boshqa shunga o‘xshash kasallik bilan og‘rib qolayapti. To‘shakka mixlanib qolayotganlari ham yo‘q emas. Sababini surishtirsangiz, katta to‘y qilaman, deb qarzga botgan bo‘ladi. Qarzdan qutulishga tirishib, o‘zini o‘tga-cho‘qqa uradi. Endi qarzdan xalos bo‘lay degan paytda yana bir farzandini uylantirish yoki uzatish fursati yetgan bo‘ladi. Tan olish kerak, to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar necha-necha oilalarning iqtisodiy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatayapti. Pul-ku, topilar, lekin boy berilgan vaqt, asab, sog‘liqni na sotib, na topib bo‘ladi. "Falonchidan kam emasman", "bir qoyillatib to‘y qilay..!" qabilida yashash, qisqa umr ma’no-mazmunini bir-ikki kunlik hoyu-havasga sarflash, nafaqat moddiy ne’matlar, balki to‘y egalarining ma’naviy isrofi ham emasmi? To‘ydan kutganimiz, umidimiz faqat farzandlarimizning baxtu saodati bo‘lishi kerakmasmi aslida?

To‘g‘ri, orzu-havas qilib elga to‘y berish, topganini el bilan baham ko‘rish, xalqimizning azaliy fazilati. Ammo keyingi vaqtlarda bu qadimiy qadriyatimiz me’yor va chegara bilmay qoldi. Kundalik ehtiyojimizdan tejab, to‘yga yig‘ayapmiz, so‘ng bu mablag‘ni dabdabaga sarflab, isrof qilayapmiz. Shu alfozda davom etsak, bir oilada 3-4 farzandni voyaga yetkazayotgan ota-ona o‘z gardanida qanchalik katta va og‘ir yuk olib yurishini tasavvur qilish qiyin emas. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz kerak. Shunda to‘y masalasida bizni qiynayotgan ko‘pgina o‘ylar, ortiqcha tashvishlardan xalos bo‘lamiz.

 

Alisher HAMROYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati

Kiritildi: 21:30 15.09.2019. O'qildi: 2673 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!