17 iyul kuni qurilish sohasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda developer daraxtlarni kesishga qarshi moratoriyni bekor qilishni ta’kidladi. U bu fikrini “daraxtlar uy-joy qurishga xalal berayotgani va boshqa joyda kesilgan daraxtlarning o‘rniga daraxt ekish mumkinligi” bilan izohladi.
Hammamizga ma’lumki, bugungi Markaziy Osiyo mintaqasi cho‘llanish, qurg‘oqchilik yoqasida turibdi, ya’ni iqlim o‘zgarishi, keskin isish mintaqaga, xususan, O‘zbekistonga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Birgina misol, ayni kunlarda ham Toshkentda anomal issiq hukm surmoqda. Bu kabi omillar birinchi navbatda har bir daraxtni asrab-avaylash va ularning sonini yanada ko‘paytirishni taqozo etadi.
Shuning uchun ham yurtimizda yashillik darajasini oshirishga ustuvor vazifalardan biri sifatida qaralmoqda. Jumladan, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy harakati yo‘lga qo‘yildi va har yili millionlab daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Sababi iqlim keskin o‘zgarib borayotgan, cho‘llanish xavfi ortib borayotgan bir paytda yashillik darajasini oshirish, daraxtlarni ko‘paytirish eng samarali choralardan biridir.
Endi moratoriyga to‘xtalsak. Prezident tashabbusi bilan daraxtlarni kesishga moratoriy bejizga e’lon qilingani yo‘q. Tadbirkor “Baribir daraxtlar kesilyapti-ku, moratoriy kerakmi?” qabilida fikr bildirgan. Vaholanki, aynan moratoriy tufayli 98 foizdan ortiq daraxtlarning kesilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Xususan, 2024 yil davomida daraxtlar kesilishi bo‘yicha kelib tushgan 5 875 ta ariza rad etilishi natijasida 1 173 726 ta daraxt kesilishi oldi olingan. Shundan 153 674 ta daraxt qimmatbaho nav hisoblanadi. 2025 yilning 6 oyi davomida esa daraxtlar kesilishi bo‘yicha kelib tushgan 3 235 ta ariza rad etilgan va 453 238 ta daraxt saqlab qolingan. Shundan 86 309 tasi qimmatbaho navdir.
Bundan tashqari, 2024 yilning 1-yarim yilligida daraxt va butalarni noqonuniy kesgan 1 639 nafar shaxsga 14 mlrd so‘m jarima va zararlar belgilangan bo‘lsa, 2025 yilning 1-yarim yilligida xuddi shu holat bo‘yicha 1 374 nafar shaxsga 20,6 mlrd so‘m jarima va zararlar qo‘llanilgan.
Tadbirkorning “bir hududda daraxt ekkan tadbirkor boshqa joyda daraxt kesishi mumkinligi” haqidagi fikrlari esa ekologiyaga nisbatan jinoyatdir. Chunki ko‘plab daraxt ekish, u qancha bo‘lishidan qat’i nazar, boshqa joyda daraxt kesish huquqini bermaydi. Daraxt kesish atrof-muhitga jiddiy zarar keltiradi va noqonuniy kesilgan har bir daraxt uchun qonunlarda qat’iy javobgarlik mavjud.
Biz — Ekopartiya deputatlari va shu yurtning fuqarosi sifatida tadbirkorlarning daraxt kesish, ko‘chirib o‘tqazish yoki ekologiyaga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan har qanday taklifiga mutlaqo qarshimiz. Bugun “o‘rniga boshqasi ekilarkan-ku”, deb daraxt kesilaversa, bu juda tez fursatda katta ekologik fojiani keltirib chiqarishi tayin. Shunday ekan, daraxtlarning kesilishiga yo‘l qo‘ymaslik va bu orqali ekologiyani asrab qolish — barchamizning burchimizdir.
Baxtiyor Po‘latov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati