Bugun 25 oktyabr, 2024 yil, juma

КИР

Davlat-xususiy sektor muloqotlari hududlarni rivojlantirishda qanday ahamiyatga ega?

Davlat-xususiy sektor muloqotlari hududlarni rivojlantirishda qanday ahamiyatga ega?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan davlat-xususiy sektor muloqotlarining hududlarni rivojlantirishdagi ahamiyati tahlil qilindi.

Iqtisodiy rivojlanishdagi muammolarni hal qilish va imkoniyatlarni aniqlashda davlat va xususiy sektor vakillari o‘rtasidagi muloqotlar (PPD - Public-Private Dialogue) muhim ahamiyat kasb etadi. PPD qarashlar, ustuvorliklar, maqsadlar va g‘oyalarni almashish uchun hukumat va xususiy sektor o‘rtasidagi rasmiy yoki norasmiy ochiq muloqot mexanizmi hisoblanadi. Mazkur yondashuv mahalliy manfaatdor tomonlarni qarorlar qabul qilish jarayonlariga jalb qilish va hududiy rivojlanish tashabbuslarida o‘z so‘zlarini aytishga imkon beradi.

PPD rivojlanayotgan mamlakatlarda yaqin tarixda paydo bo‘lgan amaliyot bo‘lib, Nikolas Pinaudning ta’kidlashicha, bu mamlakatlarda 1990-yillargacha nodavlat manfaatdor tomonlar, ayniqsa, tadbirkorlar bilan hamkorlik o‘rnatishga ahamiyat qaratilmagan. Benjamin Xerzberg va Andryu Rayt 40 ta davlat bo‘yicha olib borgan tadqiqotlarida PPD orqali ishlab chiqilgan islohotlar samaraliroq amalga oshirilishini aniqlashgan.

PPD amaliyotini joriy etish qator mamlakatlarda iqtisodiy samaradorlikni oshirishga xizmat qilgan. Jahon banki guruhining 2009-yilgi sharhida 50 dan ortiq turli sohalarda amalga oshirilgan 30 ga yaqin PPD natijasida xususiy sektorda 400 million dollardan ko‘proq mablag‘ tejalgani ta’kidlanadi.

1998-yilda Misrda Bog‘dorchilik eksportini yaxshilash uyushmasi tashkil etilib, PPD o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi bilan 2000-2008 yillar oralig‘ida mamlakatning sitrus sektori eksporti hajmi 5 barobar, qiymati esa 14 barobar oshgan.

Ispaniyada Barselona 22@ PPD tashabbusi 10 yildan kamroq vaqt ichida 1500 dan ortiq kompaniyalarni jalb qildi va 45 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratdi. "Empresaris pel Solsonès" uyushmasi (Solsones uchun tadbirkorlar), mahalliy tadbirkorlar va hudud vakillari hamkorligida qishloq turizmiga qaratilgan turli harakatlar natijasida esa 1996-2006 yillarda Solsonesda aholi jon boshiga YAHM 2 barobar ortdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-iyuldagi “Hududlarning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va bo‘sh yer uchastkalaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-245-sonli qarorida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) va Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) bilan hamkorlikda hududlarni kompleks iqtisodiy rivojlantirish master-rejalarini ishlab chiqish belgilangan.

Master-rejalarni ishlab chiqish jarayonida pastdan yuqoriga yondashuvi (bottom-up approach) qo‘llanmoqda. An’anaviy yuqoridan pastga metodidan (top-down approach) farqli ravishda pastdan yuqoriga rivojlanish yondashuvida individual yoki mahalliy darajadan boshlab kattaroq tuzilmalarni qurishga urg‘u beriladi. Mazkur yondashuv mahalliy manfaatdor tomonlarni qarorlar qabul qilish jarayonlariga jalb qilish va hududiy rivojlanish tashabbuslarida o‘z so‘zlarini aytishga imkon beradi. Ushbu uslub asosida hududlarni rivojlantirish drayverlarini aniqlashda instrument sifatida davlat-xususiy sektor muloqotlaridan (PPD - Public Private Dialogue) foydalanilmoqda.

Bugungi kunda MHTI va GIZ hamkorligida master-rejalar doirasida amalga oshiriladigan loyihalar va chora-tadbirlar bankini shakllantirish maqsadida Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Xiva hamda Hazorasp tumanlarida davlat-xususiy sektor muloqotlari o‘tkazildi. Ta’kidlash lozimki, PPD jarayonida shakllantirilgan chora-tadbirlar amaliyotga joriy qilina boshladi. Jumladan, Bulung‘ur tumanining master-rejasi doirasida tumanda "Pomidor sayli" o‘tkazildi.

Kiritildi: Bugun 10:15. O'qildi: 280 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!