Bugun 12 oktyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Davlat test markazi savoli uchun jurnalistdan 200 mln so‘m undirmoqchi!

A A A
Davlat test markazi savoli uchun jurnalistdan 200 mln so‘m undirmoqchi!

Davlat test markazi matbuot anjumanida bergan savoli uchun jurnalistdan 200 mln so‘m undirmoqchi.

Tasavvur qiling, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida matbuot anjumani bo‘lmoqda. Bir jurnalist savol berdi. Bir vazirlik vakili esa javob berdi. Keyinchalik umuman boshqa bir davlat tashkiloti matbuot anjumanida savol bergan insonni sudga berdi. Qanchalik ajablanarli bo‘lmasin, shunaqasi ham mumkin ekan.

Davlat test markazi Gazeta.uz nashri hamda matbuot anjumanida nashr nomidan savol bergan kolumnist Komil Jalilovni sudga beribdi. DTMning ta’kidlashicha, matbuot anjumanida berilgan savolda test savoli noto‘g‘ri emish.

«OAVni sudga berib bo‘lmaydi, OAVni sudga bergan davlat tashkiloti tugatilsin» demoqchi emasman. OAVni ham sudga berish mumkin va bu juda unaqa yomon ish emas. Telefon yoki boshqa yo‘llar bilan bosim qilgandan ko‘ra, bu o‘ta demokratik yo‘l. Kim haq bo‘lsa, sudda yutib chiqsin.

Ammo davlat tashkiloti OAVni faqat o‘ta favqulodda vaziyatlardagina sudga berishi kerak. Ya’ni sudga berishga sabab bo‘lgan holat o‘ta og‘ir oqibatlarni keltirib chiqargan bo‘lishi lozim. Qolgan vaziyatlarda shunchaki nashr bilan bog‘lanib, raddiya berishni so‘rashi yoki o‘z rasmiy sahifalarida munosabat bildirishi kerak.

Xo‘p, matbuot anjumanida berilgan savol noto‘g‘ri bo‘lgan deylik, balo bormi sudga berib?! O‘sha savol hamda saytdagi xabar bilan DTM portlab ketdimi yoki o‘ta og‘ir vaziyatga tushib qoldimi? E’tiroz bildirilayotgan xabarni saytda atigi 7 ming kishi o‘qigan ekan xolos. Shunga sudlashish kerakmi?

Sud xarajatlari, uzoq davom etadigan sud jarayonlarida DTMdan qatnashadigan vakillarning ish haqi, transport xarajatlari va h.k. chiqimlarning o‘zi sudga berish foydadan ko‘ra zarar ekanligini anglatmaydimi?! Albatta, DTM bularni o‘ylamaydi, chunki davlat byudjetidan hamda abituriyentlardan olinadigan to‘lovlardan, ya’ni xalq pulidan kun ko‘radi.

Shuningdek, davlat tashkilotining OAVdan ma’naviy zarar so‘rashini-ku mutlaqo hazm qilib bo‘lmaydi. Bu o‘ta kulgili va sharmandali holat. Yana qaytaraman, o‘zi xalq pulidan kun ko‘rsanglar, yana xalqdan ma’naviy zarar undirishni talab qilishga uyalmaysizlarmi? DTM tijorat tashkiloti emas-ku, OAVda chiqqan xabar tufayli foydadan quruq qolgan bo‘lsa?!

Xorijda davlat tashkilotlari OAVni sudga bersa (bunaqasi kam uchraydi), ramziy 1 dollar talab qiladi. Chunki davlat tashkilotining maqsadi sud orqali faqat haqiqatni aniqlashtirish bo‘ladi, xalqdan pul shilish emas.

Agar davlat tashkilotining rahbari yoki biror vakilining sha’ni va qadr-qimmati toptalgan bo‘lsa, unda o‘sha mansabdor tashkilot nomidan emas, o‘z nomidan sudga bersa hamda ma’naviy zarar talab qilsa, to‘g‘ri tushunish mumkin. Ammo rasman davlat tashkiloti nomidan OAVdan 200 mln so‘m talab qilsa, bu sharmandalik!!!

Uyaling, Majit Karimov, uyaling...

So‘zim so‘ngida Gazeta.uz hamda uning kolumnisti Komil Jalilovga sud jarayonlarida huquqshunos sifatida beminnat yordam berishga tayyorligimni bildirmoqchiman. DTM bilan sudlashish bo‘yicha kamtarona tajribam bor. Ular o‘tgan yili Kun.uz nashrini ham o‘ta kulgili asoslar bilan sudga berishgan va 50 mln so‘m ma’naviy zarar so‘rashgandi. O‘shanda sudda Kun.uz nomidan vakil bo‘lib qatnashgandim. Sud yakuni bo‘yicha DTM bir tiyin ham ololmagan.

Avval 50 mln so‘m edi, endi 200 mln so‘mga chiqibdi. Yomon emas. O‘sish bor. Balki kelgusida 1 mlrd so‘mgacha chiqarsizlar, a, labbay? Abituriyentlardan hujjat topshirganlik uchun olayotgan milliardlaringiz kamlik qilyaptimi deyman?

P.S.: vey, DTM direktoriga sudga berish to‘g‘risida kim aql o‘rgatyapti bilmadimu, lekin arzimagan vaj uchun OAV bilan sudlashib yurgungacha, oldingizda turgan minglab muammolarni hal qilsanglar bo‘lmaydimi? Mana, 2019 yil tugadi, lekin haligacha kelgusi yilda qaysi yo‘nalishda qaysi fanlardan savollar tushishi aniq emas.

Yoki o‘tgan yilgi testlarda telefon aloqasini tutadigan qurilmalar ishlagani yo‘q, abituriyentlar test payti bemalol internetda o‘tirishdi. Sinash uchun o‘zim pavilyonlarga borib, tekshirib ko‘rganimda ham ichkarida telefonim ishlaganini yaxshi bilasizlar.

Manba: azon.uz

Kiritildi: 12:05 20.12.2019. O'qildi: 2982 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!