Bugun 6 iyul, 2025 yil, yakshanba

КИР

Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Kadastr agentligi tashkil etildi

A A A
Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Kadastr agentligi tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Er hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yuzasidan.

Tezis № 1. “Qishloq xo‘jaligi yerlarini rivojlantirish Qishloq xo‘jaligi vazirligiga qaytarilmoqda” yoki “Kadastr organlarining ayrim vakolatlari Qishloq xo‘jaligi vazirligiga o‘tkazildi”

Er umummilliy boylik, O‘zbekiston xalqining hayoti, faoliyati va farovonligi asosi, eng muhim tabiiy resurs hisoblanadi.

Shu sababli, yerlardan oqilona, samarali va belgilangan maqsadda foydalanishni ta’minlash davlatning eng muhim vazifalaridan biridir.

Davergeodezkadastr qo‘mitasi uzoq yillar davomida ushbu vazifani muayyan darajada bajarib keldi. Lekin, yerlarni ajratish, ularning hisobini yuritish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish, yer nazoratini amalga oshirish vazifalarining yagona organda to‘planganligi yer resurslaridan oqilona foydalanishda manfaatlar to‘qnashuvini yuzaga keltirayotgan edi.

Bir tasavvur qilib ko‘raylik: olis va ayni paytda sug‘oriladigan yerlarga boy tumanlardan biridasiz. Agar siz bu yerdan yer olmoqchi bo‘lsangiz, sizga kerak bo‘lgan yer uchastkasini tuman yer tuzuvchisi o‘lchab beradi, hokim qarorini ham o‘zi chiqartirib beradi, yer hisobini ham o‘zi yuritadi, qayerga nima ekish kerakligini ham u aniqlaydi, yerlar va ekinlarni ham o‘zi monitoring qiladi. Agar bu yer tuzuvchining niyati to‘g‘ri bo‘lmasa, u istagan yerini istagan kishiga ajratib berishi, noqonuniy egallangan yerlarni istalgan odamdan yashirishi mumkin. Agar u insofli, lekin biroz sodda inson bo‘lsa, istalgan payt kimningdir noqonuniy ishlari qurboniga aylanishi mumkin.

Ushbu Farmon, birinchi navbatda, mana shu holatlarga chek qo‘yishga qaratilgan. Kadastr organlari endilikda faqat yerning hisobini yuritish bilan shug‘ullanadi. Qishloq xo‘jaligi yerlarini rivojlantirish, xususan, tuproq bonitirovkasini o‘tkazish, qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymatini aniqlash, geobotanik tadqiqotlarni amalga oshirish vazifalari ularning haqiqiy egasi – Qishloq xo‘jaligi vazirligiga o‘tkazilmoqda.

 

Tezis № 2. “Barcha ko‘chmas mulklar – yer uchastkalari, ularga bo‘lgan huquqlar, bino va inshootlar 2021 yil oxirigacha davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi”

Biz necha yillardan beri yer kadastrini yuritishda muammolarga duch kelmoqdamiz. Nega? Chunki biz piyoda yurib o‘tkaziladigan xatlov orqali yer hisobini yuritmoqchi bo‘lyapmiz. Bu yil bir marta aylanib chiqamiz, qancha inson, qancha texnika ovora... Lekin biz qog‘ozga tushurib chiqqan ma’lumot kelasi yilning o‘zida real hayotga yana to‘g‘ri kelmay qoladi. Keyin yana boshqatdan xatlov o‘tkazamiz. Xullas, bu jarayon uzluksiz davom etaveradi.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: Fuqarolik kodeksi, Yer kodeksi, Soliq kodeksida, yana boshqa o‘nlab qonun hujjatlarida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shartligi belgilangan. Ko‘chmas mulk deganda birinchi navbatda yer uchastkasi, unga bo‘lgan mulk huquqi, ijara huquqi, egalik qilish va foydalanish huquqi tushuniladi.

Lekin, afsuski, bizda qishloq xo‘jaligi yerlariga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan deyarli o‘tkazilmagan. Yani fermerlar, klasterlar, dehqon xo‘jaliklari va yerdan foydalanuvchi boshqa shaxslar yer ajratish haqidagi qarorni qo‘lllariga olish bilan cheklanadilar. Agar ularning har biri o‘z huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazganida edi, yer hisobi ham o‘z o‘zidan aniq bo‘lgan, yer kadastrini ham shunga qarab yuritish mumkin bo‘lgan bo‘lar edi.

Farmonda ushbu masalaga birinchi marotaba tizimli yondashilgan. Ya’ni, bundan buyon yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni Milliy geoaxborot tizimida to‘g‘ridan to‘g‘ri ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi joriy etilmoqda. Bu huddi sal oldinroq bino-inshootlarni notarial tasdiqlashda joriy etilgan amaliyotga o‘xshaydi. Notarius biror bir binoni sizga o‘tishi haqidagi shartnomani tasdiqlab, uni bir vaqtning o‘zida onlayn rejimda kadastrdan davlat ro‘yxatidan o‘tkazib beradi. Farmonda yer uchastkasiga bo‘lgan huquq ham, u vujudga kelgan paytning o‘zida ro‘yxatdan o‘tishi lozimligi belgilanmoqda.

Lekin ushbu Farmon qabul qilinganiga qadar olingan yer uchastkalarichi? Ularning egalari qo‘lida hokim qarori bor, lekin huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan. Bunday huquq egalari ham, ular xoh davlat bo‘lsin, xoh nodavlat o‘z mablag‘lari hisobiga kadastr yig‘majildi tayyorlab, o‘zlariga tegishli huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishlari shartligi belgilanmoqda. To‘g‘ri, bu oson ish emas, lekin qachondir baribir shu yo‘ldan borishimiz kerak. Farmon ushbu murakkab, lekin to‘g‘ri yo‘lga barchamizni boshlab beradi.

Tezis № 3. “Kadastr organlari Davlat soliq qo‘mitasi tizimiga o‘tkazildi”

Farmonni birinchi o‘qigan odamda shu paytgacha mavjud bo‘lgan Davergeodezkadastr qo‘mitasi va Davlat soliq qo‘mitasi o‘rtasida qanday bog‘liqlik, qanday umumiylik bor degan savol payda bo‘ladi. Haqiqatdan ham o‘rinli savol. Lekin, agar masalaning ichiga chuqurroq kirib borilsa, bu qarorga bekorga kelinmaganligi ma’lum bo‘ladi.

Kadastr idorasining asosiy vazifasi nima? – Davlat kadastrlari yagona tizimiga kiruvchi 21 ta davlat kadastrining to‘liq va ishonchli yuritilishini ta’minlash. Oddiy so‘z bilan aytganda, yurtimizdagi barcha yerlar, ularning ostida va ustida qanday ob’ektlar borligi haqida yagona bazani shakllantirish. Savol: bu bazaning to‘liq yuritilishidan eng birinchi navbatda kim manfaatdor? Soliq idoralari! Chunki har qanday ob’ekt – u yoki bu manoda soliq solish ob’ekti hisoblanadi. Uning soliq solish ob’ektiga kirmasligini, masalan tarixiy-madaniy ob’ekt, muhofaza qilinadigan tabiiy hudud ekanligi tasdiqlash uchun ham kadastr ma’lumotlari kerak bo‘ladi.

Demak, biz yerlar, bino va inshootlar, boshqa kadastr ob’ektlarining haqiqiy hisobini bilishimiz uchun kadastr va soliq idoralarining resurslarini birlashtirishimiz kerak, ularning axborot tizimlarini integrasiya qilishimiz kerak, oddiyroq aytganda, ularning birini o‘ng, ikkinchisini chap ko‘zga aylantirib, bitta ob’ektni bir paytda ko‘radigan va birgalikdan “sinxron” harakat qiladigan qilishimiz kerak.

Ehtimol oradan yana yillar o‘tib, barcha ob’ektlar hisobi to‘liq qo‘limizda bo‘lgach, sun’iy yo‘ldosh orqali har bir o‘zgarishni darhol aniqlash imkonyati yaratilgach, barcha davlat organlarining axborot tizimlari real vaqt rejimida bir-biri bilan axborot almashishni boshlagach kadastr va soliq organlari yana o‘z mustaqil yo‘nalishlarida faoliyatlarini davom ettirishar, buni vaqt ko‘rsatadi. Lekin hozirgi bosqichda bu ikki idora faoliyatini birgalikda olib borishi davlat, jamiyat, soliq to‘lovchilar va mulkdorlar uchun faqat foyda, qulaylik va qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi, bunga hech qanday shubha yo‘q.

Tezis № 4. “BTI”lar o‘rnida yangi organ tashkil etildi”

Har bir viloyatdagi “Ermulkkadastr” davlat korxonasi, ularning tuman (shahar) filiallari haqida eshitmagan yoki ularga ishi tushmagan odam deyarli bo‘lmasa kerak. Ha, bu o‘sha, xalq tilida “BTI” deb ataladigan tashkilot. Bu tashkilotning nomi oxirgi o‘n yilliklarda bir necha bor o‘zgarsada, uning xalq orasidagi nomi deyarli o‘zgarmaganligiga sabab bor, albatta. To‘g‘ri, ular faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar joriy etildi, davlat xizmatlari markazlari orqali xizmat ko‘rsatishga o‘tildi, odamlar uchun qanchadan qancha qulayliklar yaratildi. Lekin ularning asosiy faoliyati haliyam o‘sha-o‘shaligicha qolayotgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan ushbu korxonalar negizida Davlat kadastrlari palatasi tashkil etilmoqda. Ushbu palataning oldingi korxonalar ish uslubidan eng asosiy farqi – bu ko‘chmas mulkka kadastr yig‘majildini tayyorlash va uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bitta idora shug‘ullanmaydi.

Ya’ni, hozirga qadar agar siz o‘z mulkingizni ro‘yxatdan o‘tkazaman deb borsangiz, qo‘lingizga avval shartnoma tutqazishadi: kadastr ishlarini bajarish, texnik inventarizasiyadan o‘tkazish haqida. Bu ish yakunlangach, siz yana ariza bilan murojaat qilasiz: ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish haqida. Filialning bitta xodimi tayyorlab sizning qo‘lingizga bergan yig‘majildni uning ikkinchi xodimi tekshirib qabul qiladi. Juda qiziq.

Aslida aniqlashtirib olish kerak edi: davlatning bu jarayondagi vazifasi qayerdan boshlanib qayerda tugashi kerak? Javob aniq: davlat faqat ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanishi kerak, shartnoma asosida, haq evaziga xizmat ko‘rsatiladigan sohalardan davlat asta-sekin chiqib ketishi kerak.

Va nihoyat, biz ham ana shu oddiy haqiqatni anglab, to‘g‘ri o‘zanga tushib olyapmiz: endilikda Davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy boshqarmalari faqat registrasiya bilan, registrasiya orqali olgan ma’lumotlari asosida davlat yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish bilan, o‘zlari to‘plagan ma’lumotlarni vakolatlari organlardan olgan axborotlar bilan birlashtirib, Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish bilan shug‘ullanadi!

Ko‘chmas mulkka kadastr yig‘majildini tayyorlash, shu maqsadda uni texnik inventarizasiyadan o‘tkazish vazifasini esa davlat tashkilotlaridan tadbirkorlik sub’ektlariga o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Fikrimizcha, tez orada tadbirkorlarga ushbu ishlarni amalga oshirish huquqini beruvchi hujjat ham qabul qilinsa kerak. Ungacha esa, Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiallari bu vazifani bajarib turadi. Bozor o‘z egalariga topshirilgach bu filiallar ham bosqichma-bosqich tugatib boriladi va faqat olis, borish qiyin bo‘lgan hududlarda qoldiriladi.

Tezis № 5. “Kadastr organlari endi hokimga emas, yuqori turuvchi organga bo‘ysunadi”

O‘zbekison Respublikasi Prezidentining “Er hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tashkil etildi.

Farmonga ko‘ra Kadastr agentligi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, geodeziya va kartografiya hamda davlat kadastrlarini yuritish sohasida vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Ushbu Agentlik yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish hamda davlat kadastrlarini yuritish tartibini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ham ko‘rib chiqadi.

Farmon bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham qabul qilindi. Ushbu qarorga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari negizida Kadastr agentlining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) bo‘limlari tashkil etildi. Ularning boshliqlari Kadastr agentligi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. Bundan kelib chiqadiki, endi ular faqat Kadastr agentligiga bo‘ysunadi.

Eslatib o‘tamiz, hozirga qadar “Davergeodezkadastr” qo‘mitasining hududiy boshqarmalari ushbu Qo‘mitaga, shuningdek tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga hisobot berar, ularning boshliqlari esa “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi raisi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanar edi (Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyuldagi 529-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizom).

Kiritildi: 20:49 07.09.2020. O'qildi: 7918 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!