Bugun 23 may, 2025 yil, juma

КИР

Davlat fuqarolik xizmati yangi bosqichda

A A A
Davlat fuqarolik xizmati yangi bosqichda

Anchadan buyon keng jamoatchilik joriy yilning 8 avgustida qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunni kutayotgan edi, sababi mazkur qonunda jamiyatimiz va davlatimizni davlat xizmati sohasida tartibga solinish kerak bo‘lgan, anchadan beri qiynab kelayotgan masalalar atroflicha tartibga solindi desak, xato qilmagan bo‘lamiz.

2019 yil 3 oktyabrda Davlat rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmonda davlat xizmatining davlat fuqarolik va maxsus (huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi xizmat va qurolli quchlardagi harbiy xizmat) xizmat turlari ko‘rsatib o‘tilgan. Umuman, davlat fuqarolik xizmati deganda, fuqarolarning davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlardagi xizmat faoliyati nazarda tutilmoqda. Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda “davlat fuqarolik xizmati” va “davlat xizmati” alohida tushunchalar sifatida ajratildi.

Ta’kidlash lozimki, davlat fuqarolik xizmati - davlat xizmatining bir turi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat fuqarolik xizmati lavozimlaridagi davlat organlari vakolatlari amalga oshirilishini ta’minlashga doir haq to‘lanadigan kasbiy faoliyatini anglatadi.

Hozirgi kunda davlat organlari va tashkilotlarda 118 ming nafardan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyat yuritib kelmoqda.

Xorijiy davlatlar tajribasi qanday?

“Davlat xizmati” atamasi aksariyat kontinental huquqiy tizimdagi mamlakatlarda, Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Shveysariya kabi davlatlarda qo‘llaniladi hamda “davlat fuqarolik xizmati” tushunchasi uning ajralmas qismiga aylangan. Anglo-sakson huquqiy tizimidagi mamlakatlarda Buyuk Britaniya, Kanada, Yangi Zelandiya, AQSh va boshqa davlatlarda davlat tashkilotlarida xizmat qilish, harbiylashtirilgan muassasalarda, harbiy va boshqa tuzilmalarda xizmat qilishni o‘z ichiga olgan “davlat (ommaviy) xizmati” atamasi qo‘llaniladi.

Ta’kidlash lozimki, fuqarolarning davlat xizmatiga bo‘lgan huquqi ayrim mamlakatlar — MDH a’zolari, ya’ni Ozarboyjon Respublikasi (55-modda), Belarus (39-modda); Gruziya (29-modda), Qozog‘iston Respublikasi (33-modda), Qirg‘iziston Respublikasi (23-modda), Moldova Respublikasi (39-modda), Ukraina Respublikasi (38-modda); Turkmaniston (30-modda) konstitusiyalarida bevosita mustahkamlangan.

Tabiiy savol tug‘iladi, mazkur qonun kimlarning faoliyatiga nisbatan tatbiq etiladi?

Alohida ta’kidlash lozimki, mazkur qonunning amal qilishi, davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reestriga kiritilgan lavozimlardagi davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyatiga nisbatan tatbiq etiladi. Tatbiq etilmaydigan sub’ektlar qatoriga esa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi hamda boshqa mahalliy davlat hokimiyat vakillik organlari deputatlari, yuqori va quyi palatalar devonlari xodimlari, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, sudyalar va sud tizimi xodimlari, Markaziy bank boshqaruvi a’zolari, prokuratura, ichki ishlar, mudofaa ishlari, favqulodda vaziyatlar, Milliy gvardiya, Davlat bojxona xizmati va DXX organlarida xizmat qilayotganlar davlat xizmatchilari, shu jumladan, harbiy xizmatchilar, qolaversa, davlat organlarining texnik, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish xodimlarining faoliyatiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli organ kim?

Qonunga muvofiq, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli organ etib, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi belgilanmoqda. U o‘z vakolatlari doirasida davlat idoralarining kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi, davlat xizmatiga kadrlarni tanlov asosida tanlashni tashkil qiladi, davlat xizmatchilarining samaradorligini baholash uchun indikatorlar (asosiy ko‘rsatkichlar) tizimini joriy qiladi va ularning natijalarini tahlil qiladi, jamoatchilik fikrini o‘rganadi va davlat organlari rahbarlarining ochiq reytingini shakllantirishda ishtirok etadi. Shuningdek, agentlik davlat xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hamda ularning ishlashi va ijtimoiy himoyasi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratishda yordam ko‘rsatadi.

Tahlillar ko‘rinishida

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining kadrlarni tanlov asosida tanlashni tashkil qilish ishi yuzasidan statistik ma’lumotiga qaraydigan bo‘lsak, joriy yilning 18 martiga qadar respublikaning 60ta vazirlik, idoralari hamda 206dan ortiq tuman (shahar) hokimliklardagi mavjud 5732ta vakant lavozim bo‘yicha tanlov e’lon qilingan. Ushbu vakant lavozimlarga 96 000 nafar nomzod tomonidan tanlovda ishtirok etish uchun hujjat topshirilgan. Joriy yilning 13 iyuliga qadar 905 mingdan ortiq nomzod vakant lavozimlar ochiq tanlovlarida qatnashib, 35 ming nafardan ortiq fuqaro davlat xizmatiga qabul qilingan. Hozirgi kunda davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilishda tanlov asosida, ochiq va shaffof tarzda amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qolaversa, mazkur qonunda tanlov asosida (haftasiga 5 kunlik) ishga qabul va kadrlar rotasiyasi, qolaversa, tadbirkorlik qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish, xorijda hisobraqam ochish va manfaatlar to‘qnashuvini taqiqlash, daromadlar va mol-mulkni majburiy deklarasiyalash masalalari ham atroflicha tartibga solingan.

Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi ham aks etganmi?

Qonunda davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaning oldini olish chora-tadbirlari ham ko‘zda tutilgan. Ular qatoriga davlat fuqarolik xizmatchisining axloqiy xulq-atvor qoidalariga rioya qilishi, davlat fuqarolik xizmatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va hal qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish, davlat xizmatlari uchun sovg‘alar olish va taqdim etish tartibini belgilash, davlat fuqarolik xizmatchisining ijtimoiy himoyasi, moddiy ta’minoti va uni rag‘batlantirishni ta’minlash kiradi.

Agar davlat fuqarolik xizmatchisi korrupsiya faktlari to‘g‘risidagi axborotga ega bo‘lsa, u korrupsiyaning oldini olish uchun zarur choralar ko‘rishi, shu jumladan, yuqori turuvchi davlat organini (mansabdor shaxsini) yoki korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organiga darhol xabar qilishi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat etishi kerak. Korrupsiya haqida xabar bergan davlat fuqarolik xizmatchisi davlat himoyasida bo‘ladi.

Umumiy xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, davlat fuqarolik xizmati tegishli kasbiy bilimlar, ko‘nikmalar va tajribaga ega bo‘lishni talab qiladi. Davlat lavozimlariga da’vogar va lavozimni egallab turgan shaxslar uchun ma’lum malaka talablari va shartlarini belgilashni, shuningdek, davlat xizmatchisining “karyera modeli” davomida bunday bilim va ko‘nikmalarni doimiy ravishda takomillashtirishni taqozo qiladi.

Sherzod Zulfiqorov,

O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professori, ekspert guruhi a’zosi

Kiritildi: 11:35 05.09.2022. O'qildi: 3531 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!