Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Davlat bojxona qo‘mitasi OAVda tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildiradi

Davlat bojxona qo‘mitasi OAVda tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildiradi

Davlat bojxona qo‘mitasi 2020 yilning 6 oktyabr kuni Human.uz saytida e’lon qilingan "Tadbirkor bojxonadan nega norozi? Nega bojxonachilar sud qaroriga bepisand?" sarlavhali maqolaga nisbatan “O‘zagrosug‘urta” aksionerlik jamiyatining 2020 yil 14 oktyabr kuni mazkur saytda yoritilgan munosabati yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 300-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi erkin savdo rejimini belgilagan davlatlarda ishlab chiqarilgan va ushbu davlatlarning bojxona hududidan olib kiriladigan tovarlarga nisbatan bojxona bojlari qo‘llanilmasligi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi bilan erkin savdo rejimini belgilagan davlatlar ro‘yxatida Qirg‘iziston Respublikasi ham mavjud.

Bugungi kunda Eron Islom Respublikasi 2019 yil oktyabr oyidan Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqining (EOII) “Erkin savdo hududi to‘g‘risida”gi Bitimining vaqtinchalik a’zosi (3 yilga mo‘ljallangan) hisoblanib, mazkur bitim doirasida eron tomonining 500 dan ortiq turdagi tovarlariga nisbatan tarif preferensiyalari qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan.

Jumladan, Erondan YEOII hududiga olib kiriladigan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan amaldagi stavkalar tushirilgan.

Qirg‘iziston Respublikasi bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi bilan erkin savdo rejimi belgilangan davlatlar qatoriga kirsa, shu bilan birga Eron Islom Respublikasi bilan Erkin savdo hududi tashkil etgan davlat hisoblanadi.

Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlar bazasi tahlil qilinganda aynan 2019 yil oktyabrdan boshlab “olma” mahsulotlarini Qirg‘iziston Respublikasiga Eron Islom Respublikasidan O‘zbekiston hududi orqali tranzit hajmi ortgan, ya’ni 14,2 ming tonna olma mahsuloti tranzit qilingan bo‘lsa, Qirg‘izistondan respublikamizga 6,5 ming tonna olma mahsuloti import qilingan.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyat bojxona boshqarmasi tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida bojxona rasmiylashtiruviga taqdim etilgan olma tovarlari bojxona ko‘rigi jarayonida Eron yozuvidagi o‘ram hamda qadoqlarga joylashtirilganligi ma’lum bo‘ldi.

Ushbu ma’lumotlarga asosan, Qirg‘iziston Respublikasi tadbirkorlari tomonidan Erondan kirib kelgan olma mahsulotlarini haqiqiy yetishtirilgan davlatini yashirgan holda, bojxona bojidan imtiyoz olishga erishish maqsadida hujjatlarni qayta rasmiylashtirish orqali (kelib chiqish sertifikatlari rasmiylashtirilgan holda) O‘zbekiston Respublikasiga import qilish holatlari bojxona organlari xodimlarida shubha uyg‘otgan.

Bojxona kodeksining 364 va 366-moddalari asosida qo‘shimcha aniqlanishi lozim bo‘lgan holatlar mavjudligi sababli, bojxona organi tomonidan o‘z vakolati doirasida aniqlanishi lozim bo‘lgan holatlar yuzasidan Qirg‘iziston Respublikasiga xalqaro so‘rovnomalar yuborilgan.

Lekin, shu kunga qadar Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan so‘ralgan ma’lumotlarga Qirg‘iziston Respublikasi tomonidan to‘liq javob berilmagan hamda so‘ralgan hujjatlar taqdim etilmagan.

Shu bilan birga, 7 ta korxona tomonidan olma mahsulotlarini bojxona rasmiylashtiruvi davomida taqdim etilgan bojxona yuk deklarasiyalarida tovarlarning kelib chiqish mamlakati noma’lum deb ko‘rsatilganligi sababli, Bojxona kodeksining 366-moddasi talabiga ko‘ra, ushbu bojxona yuk deklarasiyalardagi tovarlarga import bojxona bojining ikki baravar stavkasi qo‘llanilib, jami 12,75 mlrd. so‘mbojxona to‘lovlari hisoblangan.

Ushbu korxonalarning murojaatlariga asosan Bojxona kodeksining 329-moddasiga muvofiq, “O‘zagrosug‘urta” AJning xududiy filiallari tomonidan taqdim etilgan sug‘urta polislari asosida bojxona to‘lovlarini 60 kun muddatga kechiktirib to‘lashga yengillik tarzida ruxsat berilgan va rasmiylashtirilgan.

Kechiktirib to‘lashga ruxsat berilgan jami 12,75 mlrd. so‘m bojxona to‘lovlari yuqoridagi korxonalar tomonidan o‘z vaqtida to‘lanmaganligi sababli, Bojxona kodeksining 351-moddasiga asosan, “O‘zagrosug‘urta” AJ va uning hududiy filiallariga inkasso topshiriqnomalari qo‘yilgan.

Shung muvofiq “O‘zagrosug‘urta” AJning bankdagi hisob-raqamidan (inkassa topshiriqnomalari bo‘yicha - 7,19 mlrd. so‘m, “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan – 1,72 mlrd. so‘m)jami 8,91 mlrd. so‘m pul mablag‘lari Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi hisob raqamiga kelib tushgan.

“Wellex Agro” MCHJning Farg‘ona viloyati ma’muriy sudiga kiritgan shikoyat-arizasi (birinchi instansiya sudida jamiyatning arizasi qanoatlantirilmagan) bo‘yicha Farg‘ona viloyat ma’muriy sudi apellyasiya instansiyasining 2020 yil 11 sentyabrdagi qarori qabul qilingan bo‘lib, ushbu qarorda Farg‘ona shahar ma’muriy sudining 2020 yil 15 iyuldagi hal qiluv qarori va dastlabki himoya choralarini bekor qilish haqidagi ajrimi bekor qilingan hamda viloyat bojxona boshqarmasining olma mahsulotlariga ikki baravar oshirilgan stavkasini hisoblash va undirishda ifodalangan harakatlari qonunga xilof deb topilib, ortiqcha undirilgan bojxona bojlarini qaytarish majburiyati yuklatilgan.

Farg‘ona viloyat ma’muriy sudi apellyasiya sudlov hay’atining 2020 yil 11 sentyabrdagi qarori yuzasidan Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 2020 yil 22 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga nazorat shikoyati yuborilgan hamda ushbu nazorat shikoyatida Farg‘ona viloyat ma’muriy sudi apellyasiya sudlov hay’atining 2020 yil 11 sentyabrdagi qarori ijrosini to‘xtatib turish so‘ralgan.

Shuningdek, 2020 yilning 3 may sanasidan 1 iyun sanasiga qadar “O‘zagrosug‘urta” AJning bank hisobraqamlariga qo‘yilgan jami 12 ta inkasso topshiriqnomalari bo‘yicha majburiyatlar bajarilganligi sababli qaytarib olingan.

Bundan tashqari, 2020 yil 8 iyul kuni “O‘zagrosug‘urta” AJning Toshkent shahar boshqarmasiga 35,6 mln. so‘m inkasso topshiriqnomalari asosida ortiqcha to‘langan mablag‘ jamiyat murojaatiga asosan qaytarib berilgan.

Bugungi kunga kelib, “Wellex Agro” MCHJning jami 3,8 mlrd so‘m qarzdorligi bo‘yicha nizoli holat yakuniga yetmaganligi sababli 2020 yil 2 maydagi 320-sonli va 2020 yil 13 maydagi 361-sonli inkasso topshiriqnomalari bekor qilinmagan, balki ijrosi to‘xtatib turilgan.

Shuningdek, bugungi kun holatida “O‘zagrosug‘urta” AJning bank hisobraqamlarida Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan qo‘yilib, aktiv holatda turgan inkasso topshiriqnomalari mavjud emas hamda Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining shaxsiy hisobvarag‘iga 2020 yil 10 sentyabrdan beri “O‘zagrosug‘urta” AJdan inkasso topshiriqnomalari asosida pul mablag‘lari kelib tushmagan.

Davlat bojxona qo‘mitasi bojxona organlari faoliyatiga doir xolis va haqqoniy xabarlarni e’lon qilishda ommaviy axborot vositalari, keng jamoatchilik vakillari bilan o‘zaro hamkorlikka doimo tayyor ekanligini ma’lum qiladi.

 

Kiritildi: 17:50 17.10.2020. O'qildi: 2040 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!