Bugun 14 noyabr, 2024 yil, payshanba

КИР

COP29: O‘zbekiston pavilyoni xorijlik mehmonlarda katta taassurot qoldirmoqda

COP29: O‘zbekiston pavilyoni xorijlik mehmonlarda katta taassurot qoldirmoqda

Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida 198 mamlakatdan 50 mingdan ortiq ishtirokchini birlashtirgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) boshlandi.

Ushbu muhim voqea iqlim o‘zgarishining eng jiddiy oqibatlarining oldini olish bo‘yicha xalqaro iqlim majburiyatlarini kelishish va chora-tadbirlarni muhokama qilish uchun eng muhim platformaga aylandi. COP29da asosiy e’tibor moliyaviy masalalarga qaratiladi, chunki ishtirokchi mamlakatlar uchun issiqxona gazlari emissiyasini sezilarli darajada kamaytirish va insonlarning hayoti hamda turmush darajasini iqlim o‘zgarishining kuchayib borayotgan ta’siridan himoya qilish uchun zarur bo‘lgan sarmoya bilan ta’minlash juda muhimdir.

Boku Olimpiya stadionining ko‘k zonasida bo‘lib o‘tgan konferensiya doirasida 150 ta davlat va tashkilotlar o‘zlarining tematik pavilyonlarini taqdim etdilar, ulardan 70 dan ortig‘i konvensiya ishtirokchilarining milliy pavilyonlari bo‘ldi.

Ko‘rgazmalar markazining markaziy qismida joylashgan O‘zbekiston Milliy pavilyoniga tadbirning birinchi kunida 1000 dan ortiq delegat tashrif buyurdi. Yuqori martabali mehmonlar orasida Ozarbayjon jamoat arbobi Leyla Aliyeva, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti Bosh direktori o‘rinbosari Viorell Gutsu, Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nasinbayev, Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, Ta’lim, fan va madaniyat bo‘yicha Islom tashkiloti (ICESCO) vakillari ishtirok etdilar.

Barqaror, an’anaviy materiallar va mamlakat iqlimiga moslashtirilgan usullardan foydalangan holda qurilgan «O‘zbekiston» pavilyoni an’anaviy naqsh va suvoq, ayvon va tapchan kabi elementlarni o‘zida aks ettiradi. Ular birgalikda tabiatga g‘amxo‘rlik qilish, oilaviy an’analar va o‘zbek xonadonidagi farovonlik kabi madaniy qadriyatlarni mujassamlashtirgan.

Pavilyon hurmatli mehmonlar va delegatlarda katta taassurot qoldirdi. Xususan, Leyla Aliyeva pavilyonda namoyish etilgan madaniy meros va ekologik yutuqlarga alohida qiziqish bildirdi. Orol fojiasi ko‘lami va uning qurigan tubida olib borilgan o‘rmonlarni qayta tiklash ishlari unda katta taassurot qoldirdi.

O‘z navbatida, Q.Omuraliyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning TDT mamlakatlari Ekologik kengashini tuzish tashabbusini alohida ta’kidladi va O‘zbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha mas’ul vazirlarning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorligi uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekistonning COP29 dagi ishtiroki mamlakatning iqlim bo‘yicha global maqsadlarga sodiqligini va xalqaro hamkorlikka tayyorligini ko‘rsatdi. Pavilyon nafaqat muhim ekologik muammolarni muhokama qilish, balki iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda mintaqa xalqlarini birlashtiruvchi tajriba va madaniy qadriyatlar almashish maskaniga aylandi.

Kiritildi: 12:51 12.11.2024. O'qildi: 837 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!