Chexiya hukumati Ukrainadan kelgan qochqinlarning mamlakatda qolish shartlarini keskin kuchaytiruvchi qonun loyihasini ma’qulladi.
ČTK agentligi xabar berishicha, hujjat parlament quyi palatasiga tasdiqlash uchun yuborilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, davlatdan gumanitar yordam olayotgan vaqtinchalik himoya maqomiga ega shaxslar ishlashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi yoki bandlik xizmatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi shart.
Shuningdek, nafaqa olish huquqini saqlab qolish uchun ular oyiga kamida 16 kun Chexiya hududida yashashi kerak bo‘ladi. Bu talablar bolalar, talabalar va nafaqaxo‘rlarga tatbiq etilmaydi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, Shengen hududidan tashqarida 30 kundan ortiq bo‘lgan qochqinlar vaqtinchalik himoya maqomidan mahrum qilinishi mumkin. Ma’muriy yoki jinoiy sabablarga ko‘ra deportasiya qilinganlar ham ushbu maqomni yo‘qotadi.
Hujjatda maxsus yashash ruxsatnomasini olish talablari ham kuchaytirilmoqda. Shu bilan birga, davlat tomonidan qoplanadigan tibbiy sug‘urta shartlari qayta ko‘rib chiqiladi.
Qonun loyihasi Ukraina davlat raqamiga ega avtomobillarni Chexiya reestrida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazishni ham nazarda tutadi.
Hozir Chexiyada vaqtinchalik himoya maqomiga ega 386 mingdan ortiq ukrainalik ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning qariyb 90 mingi gumanitar yordam oladi.