Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Camarqandlik yigit “telegram” orqali terroristlarga qo‘shilib, qo‘li qonga botdi

Camarqandlik yigit “telegram” orqali terroristlarga qo‘shilib, qo‘li qonga botdi

1994 yil Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida tug‘ilgan Sherzod Anvarov 2016 yilning mart oyida ishlash uchun Rossiya Federasiyasiga boradi va u yerda ijtimoiy tarmoqlar orqali bir nechta akkaunt egalari, xususan, “Islom davlati” xalqaro terroristik tashkiloti a’zosi bo‘lgan Nusratullo ismli shaxs bilan tanishadi. Natijada Nusratullo targ‘ib qilgan, sof islom diniga zid bo‘lgan aqidaparastlik g‘oyalari uning ongu shuurini zaharlaydi.

2016 yilning oktyabr oyida Rossiya Federasiyasidan O‘zbekistonga qaytib kelganidan keyin ham u Nusratullo bilan muntazam aloqa qilib, tegishli ko‘rsatmalar olib turadi.

2017 yilning aprel oyida Sherzod Anvarov “Toshkent – Istanbul” aviareysi orqali Turkiyaga boradi.

Turkiyada u “Telegram” tarmog‘i orqali Nusratullo bilan bog‘lanadi. Nusratullo esa unga qirg‘izistonlik Abdullo ismli shaxsning Istanbul shahri Yanikapiy mavzesidagi uyiga borishi lozimligini aytadi va Sherzod o‘sha xonadonga boradi. Abdullo esa uni Eron orqali Afg‘onistonga yuborish uchun zarur hujjatlarni tayyorlaydi.

2017 yilning may oyida Tehron shahriga borganida SH.Anvarovni Omonullo ismli shaxs kutib oladi va unga Muhammad Anvar Nabiy ism-sharfi bilan soxta hujjat tayyorlanishini, Afg‘onistonga ketish vaqtida o‘zini soqov qilib ko‘rsatib, hech kim bilan gaplashmasdan ketishini tayinlaydi.

Bir guruh qochoqlar bilan birga Sherzod Anvarov go‘yo afg‘on fuqarosi sifatida Afg‘onistonga o‘tganida, ularni “Islom davlati” xalqaro terroristik tashkilotining Shimoliy Xurosondagi amirlari kutib oladi.

Ta’kidlash lozimki, Sherzod Anvarov “Islom Davlati - Xuroson viloyati” terroristik guruhi jangarilari safida qurolli harakatlarda qatnashib, qo‘li qonga botadi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Afg‘oniston maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda olib borgan sa’y-harakatlari tufayli Sherzod Anvarovning qabih ishlariga chek qo‘yildi va 2018 yilning noyabr oyida u O‘zbekistonga qaytarildi.

Endigina 25 yoshni qarshilagan Sherzod Anvarovning qilmishi jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida atroflicha ko‘rib chiqildi va Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq, 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

"Sherzod Anvarov kabi yoshlarimizning internet tarmog‘i orqali ekstremistik oqimlar yoki terroristik tashkilotlar ta’siriga tushib qolib, tinch-osoyishta Vatanni tashlab, ota-ona bag‘rini huvillatib, urush o‘choqlariga borishi va achchiq qismatga giriftor bo‘lishi, umid qilamizki, boshqalarga saboq bo‘ladi", deb yozadi O‘zA.

Kiritildi: 21:45 10.10.2019. O'qildi: 4110 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!