Buyuk Britaniya va Germaniya yaqin o‘n yil ichida 2000 km dan ortiq masofaga uchadigan yangi raketalarni ishlab chiqadi.
Bu haqda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer idorasining Germaniya kansleri Fridrix Mersning 17 iyul kuni Londonga tashrifi oldidan tarqatilgan bayonotida aytiladi.
"Rahbarlar kelgusi o‘n yil ichida yangi aniq zarba berish qobiliyatlarini rivojlantirish bo‘yicha yangi majburiyatlarni olish niyatida. Tez rivojlanish Britaniya aholisi xavfsizligini ta’minlaydi va NATOning to‘xtatuvchi salohiyatini mustahkamlaydi, shuningdek, muhim sanoat sarmoyalari orqali Buyuk Britaniya va Yevropa mudofaa sektorini mustahkamlaydi. Yangi ishlanma 2000 km dan ortiq masofaga ega bo‘ladi, bu Buyuk Britaniya tomonidan yaratilgan eng ilg‘or tizimlardan biri bo‘ladi ", deyiladi matnda.
Qayd etilishicha, Mers tashrifining kulminasion nuqtasi ikki tomonlama do‘stlik va hamkorlik shartnomasini imzolash bo‘ladi. Hujjat xavfsizlik, iqtisodiyot, migrasiya va infratuzilma masalalarini qamrab oladi. Bu 2024 yil 23 oktyabrda Londonda imzolangan Chuqurlashtirilgan mudofaa hamkorligi to‘g‘risidagi bitimning davomi bo‘ladi.
Dauning-strit, 10-uydagi ofisda aytilishicha, Buyuk Britaniya va Germaniya birgalikda ishlab chiqarilgan qurollar, jumladan Boxer zirhli mashinalari va Eurofighter Typhoon qiruvchi samolyotlarini eksport qilish uchun qo‘shma reklama kampaniyalarini boshlaydi. Shuningdek, Germaniyaning dron ishlab chiqaruvchisi Stark Defense Germaniyadan tashqarida o‘zining birinchi zavodini ochishi e’lon qilindi. Korxona Angliya janubi-g‘arbiy qismidagi Svindon shahrida joylashadi.
Bundan tashqari, tomonlar noqonuniy migrasiyaga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytiradi. Starmer idorasining ta’kidlashicha, yil oxirigacha Germaniya hukumati Buyuk Britaniyaga noqonuniy migrasiyani osonlashtirishni noqonuniy qilish niyatida.