Bukingem saroyi tomonidan e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, qirol Charlz III ning ukasi shahzoda Endryu voyaga yetmagan qizlarga nisbatan jinsiy tajovuzlarda ayblangan Jeffri Epshteyn bilan aloqadorligi haqidagi gumonlar ortidan York gersogi unvonidan voz kechadi.
"Qirol va yaqin qarindoshlarim bilan olib borilgan muzokaralar natijasida shunday xulosaga keldikki, menga nisbatan davom etayotgan ayblovlar oliy hazratlari va qirollik oilasi amalga oshirayotgan ishlardan e’tiborni chalg‘itmoqda. Men har doimgidek oilam va vatanimning manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishga qaror qildim. Bundan besh yil avval qabul qilgan jamoatchilik e’tiboridan chetga chiqish haqidagi qarorimga sodiq qolaman. Shu sababli bundan buyon unvonimdan foydalanmayman. Ilgari aytganimdek, menga qo‘yilgan barcha ayblovlarni qat’iyan rad etaman", – dedi shahzoda Endryu.
Ma’lumot uchun, 2021 yil avgust oyida amerikalik Virjiniya Juffre shahzoda Endryuga qarshi jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha da’vo qo‘zg‘atgan edi. Uning ta’kidlashicha, o‘smirlik paytida shahzodaning do‘sti bo‘lgan amerikalik moliyachi Jeffri Epshteyn ayolga jinsiy tajovuz qilgan.
2025 yil aprel oyida Juffre o‘z joniga qasd qildi. Oktyabr oyida chop etilishi kutilayotgan uning xotiralarida shahzoda Endryuga qarshi ayblovlar ham mavjud.