Britaniya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, sanksiyalar ostiga tushgan rossiyalik razvedkachilar va xakerlar uzoq yillar davomida Buyuk Britaniya va Yevropa davlatlarida kiberhujumlar hamda axborot operasiyalarini amalga oshirib kelgan. Ular, shuningdek, 2018 yil mart oyida Solsberida Skripallarning “Novichok” zaharli moddasi bilan zaharlanishidan besh yil avval Yuliya Skripalning qurilmasiga kiberhujum uyushtirgan.
Bundan tashqari, Britaniya rasmiylarining aytishicha, GRUning 26165-sonli bo‘linmasi 2022 yilda Mariupolga raketa hujumlari uyushtirishda, jumladan, yuzlab tinch aholi, shu jumladan bolalar halok bo‘lgan Mariupol teatriga qilingan zarbada ishtirok etgan.
Sanksiyalar, shuningdek, “Afrika tashabbusi” deb ataluvchi tuzilmaning uch nafar rahbarini ham qamrab oldi. Bu tashkilot — ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya tomonidan yaratilgan va moliyalashtirilgan “trollar fabrikasi” bo‘lib, G‘arbiy Afrikada axborot operasiyalarini amalga oshirish uchun rossiyalik razvedka xodimlaridan foydalanadi.