Buyuk Britaniya Qirollik havo kuchlarining Hawk T2 o‘quv samolyoti Shimoliy Uelsdagi Anglsi orolidagi RAF Valley aviabazasidan havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay halokatga uchradi. Ekipajning ikkala a’zosi ham samolyot qulashidan oldin katapulta qilishga ulgurgan, deb yozadi The Mirror.
Shimoliy Uels polisiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ikki uchuvchi yengil jarohat olgan va shifokorlar nazoratiga olingan. Yerda hech kim jabrlanmagan, vayronagarchiliklar qayd etilmagan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, samolyot havoga ko‘tarilish vaqtida yonib ketgan va qulagan.
Ulardan biri parvoz paytidayoq dvigatel sohasida alanga chaqnaganini payqaganini aytdi.
Qirollik havo kuchlari vakili Hawk T2 halokatini tasdiqladi. Voqea sabablari rasmiy tergov doirasida aniqlanmoqda.