7 noyabr kuni Buyuk Britaniya hukumati 56 ta kompaniya va shaxslarga qaratilgan navbatdagi sanksiyalar ro‘yxatini e’lon qildi.
O‘zbekistondagi StanexGroup holding tarkibiga kiruvchi Uzstanex LLP kompaniyasi ham ushbu ro‘yxatdan joy olgan.
Yagona reestr ma’lumotlariga ko‘ra, «Uzstanex » 2018 yil iyul oyida tashkil etilgan bo‘lib, mexanik dastgohlarning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadi. Uning ustav fondi 65 mln so‘m, yagona ta’sischisi Vasiliy Abramov sanaladi. Korxona manzili Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan.
Kompaniyani sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish uchun asos sifatida uning Ukrainani beqarorlashtirish yoki uning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki mustaqilligiga putur yetkazishda ishtirok etgani, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatgani yoki Ukrainaning beqarorlashuviga yoki uning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki mustaqilligiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan mablag‘lar, iqtisodiy resurslar, tovarlar yoki texnologiyalarni taqdim etgani keltirilgan.
Avvalroq, AQSh tomonidan e’lon qilingan ro‘yxat bo‘yicha ham ushbu korxona sanksiyaga tushgani ma’lum bo‘lgandi.