Bugun 14 oktyabr, 2025 yil, seshanba

КИР

Buyuk Britaniya anonim josuslik uchun "Silent Courier" platformasini ishga tushirdi

Buyuk Britaniya anonim josuslik uchun "Silent Courier" platformasini ishga tushirdi

Britaniyaning MI6 tashqi razvedka xizmati Buyuk Britaniya nomidan josuslik qilish yoki ma’lumot uzatishni xohlovchilarga buni xavfsiz va anonim tarzda amalga oshirish imkonini beruvchi Silent Courier nomli xabar almashish platformasini ishga tushirganini e’lon qildi.

Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, MI6 bilan hamkorlik qilmoqchi bo‘lganlarning shaxsiy xavfsizligini ta’minlovchi mazkur platforma Buyuk Britaniyaga qarshi terrorizm yoki dushmanona harakatlar haqida ma’lumot bermoqchi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan. Platformadan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar MI6’ning YouTube kanalidan e’lon qilinadi.

Bayonotda, shuningdek, “Rossiya va butun dunyo bo‘ylab potensial agentlar uchun” ishlab chiqilgan platforma ma’lumot beruvchilarga maxsus brauzer yuklab olish, xavfsiz VPN o‘rnatish va o‘z nomiga ro‘yxatdan o‘tmagan telefondan foydalanishni tavsiya qiladi.

Xabarga ko‘ra, MI6 direktori ser Richard Mur bugun Istanbulda “Silent Courier” platformasini taqdim etadi. Shuningdek, MI6 yangi agentlarni yollash va Buyuk Britaniya xavfsizligiga tahdid solayotganlarga qarshi kurashish maqsadida “qorong‘u internet”da o‘z mavjudligini rasman yo‘lga qo‘ymoqda.

Bayonotda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) ham shunga o‘xshash platformaga egaligi va AQSh hamda Buyuk Britaniya o‘rtasida xavfsiz aloqani ta’minlash uchun Google bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani qayd etilgan.

“Dunyo o‘zgarmoqda va biz duch kelayotgan tahdidlar turfa xil bo‘lib bormoqda”, dedi Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Ivet Kuper.

Uning ta’kidlashicha, mamlakat har doim raqiblaridan oldinda bo‘lishi lozim. “Hozirda biz MI6’ning Rossiya va butun dunyo bo‘ylab yangi agentlarni yollashi uchun ilg‘or texnologiyalar yordamida razvedka xizmatlarimiz harakatlarini qo‘llab-quvvatlayapmiz”, — dedi vazir.

Kiritildi: 14:04 19.09.2025. O'qildi: 680 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!