Sosiologlar so‘nggi o‘n yil ichida britanlarning Isroildan kelayotgan muhojirlarga nisbatan salbiy munosabati sezilarli darajada oshganini qayd etmoqda. Bu tendensiyani Tel-Avivning G‘azo sektoridagi harakatlari bilan bog‘lamoqda.
YouGov tahliliy kompaniyasining 2016–2026 yillar oralig‘ida britanlarning migrasiyaga munosabatini o‘rgangan yangi tadqiqotiga ko‘ra, Buyuk Britaniya aholisining 47 foizi Isroildan keladigan muhojirlar oqimini kamaytirish yoki ularning kirishini butunlay taqiqlash tarafdori.
Respondentlarning 24 foizi Isroil fuqarolarini qabul qilishni butunlay taqiqlashni, yana 23 foizi esa ular oqimini kamaytirishni qo‘llab-quvvatlagan. 24 foiz aholi amaldagi migrasiya hajmini saqlab qolish tarafdori bo‘lgan, atigi 5 foiz esa Isroildan migrasiyani oshirishni qo‘llab-quvvatlagan.
So‘nggi o‘n yil ichida Isroildan migrasiyaga salbiy munosabatda bo‘lgan britanlar ulushi 8 foiz punktga oshgan.
Britanlarning 22 mamlakatdan keluvchi muhojirlarga munosabati reytingida Isroil to‘rtinchi o‘rinni egallagan. Eng nomaqbul migrantlar sifatida Rossiyadan keluvchilar qayd etilgan: so‘ralganlarning 58 foizi Rossiya fuqarolarini qabul qilishga qarshi yoki ular oqimini imkon qadar qisqartirish tarafdori.
Ikkinchi o‘rinda Pokistondan keluvchilar — 52 foiz, uchinchi o‘rinda esa Nigeriya fuqarolari — 48 foiz bilan qayd etilgan. Misr va Hindistondan keladigan muhojirlarga qarshi bo‘lganlar ulushi 44 foizni tashkil etgan.
Isroildan keladigan muhojirlarga nisbatan salbiy munosabatning eng katta o‘sishi Yevropa tarafdori bo‘lgan fuqarolar orasida kuzatilgan. 2016 yilda Yevropa Ittifoqida qolish tarafdorlarining 27 foizi Isroildan migrasiyaga qarshi bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yilga kelib bu ko‘rsatkich 41 foizga yetgan.
Shu bilan birga, Reform UK va «Yashillar» partiyasi tarafdorlari orasida Isroildan keluvchi muhojirlarni istamaydiganlar ulushi 52–53 foizni tashkil etgan. Leyboristlar va Konservativ partiya saylovchilari orasida esa bu ko‘rsatkich 45–48 foiz atrofida bo‘lgan.
Umuman olganda, respondentlarning 69 foizi so‘nggi o‘n yilda Buyuk Britaniyaga kirib kelayotgan migrasiya hajmini haddan tashqari yuqori deb hisoblagan. So‘ralganlarning 43 foizi esa xorij fuqarolari oqimi mamlakatga asosan salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, deb hisoblaydi.