Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Buxoroda o‘n bir yildan so‘ng haqiqat qaror topdi

Buxoroda o‘n bir yildan so‘ng haqiqat qaror topdi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining 2009 yil 3 avgustdagi hukmiga ko‘ra Eshmuradov Ixtiyor Qoryog‘diyevich O‘zbekiston Respublikasi JK 164-moddasi 4-qismining “a” bandi, 25,97-moddasi 2-qismining “a,v,j,i” bandlari bilan, JKning 59-moddasi tartibida 17 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlangan I.Eshmuradov hamqishlog‘i T.Yulliyevaning jo‘da ko‘p miqdordagi jami 10.164.000 so‘mga teng bo‘lgan 7.000 AQSh dollarini (2009 yil 29 yanvar kuni 1 AQSh dollari 1.408 so‘m 44 tiyin teng bo‘lgan) qo‘lga kiritish maqsadida, 2009 yil 29 yanvar kech soat 22:30 da Buxoro viloyati, Jondor tumani, “Navrabod” qishloq fuqarolar yig‘ini, “Peshqandoq” qishlog‘ida yashovchi T.Yulliyevaning yashash uyi yotoqxonasiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, T.Yulliyeva va uning 2000 yilda tug‘ilgan nevarasi voyaga yetmagan U.Hamroyevaga hujum qilib, uxlab yotgan ojiz ahvoldagi T.Yulliyevaga hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, bosqinchilik jinoyatini qasddan sodir etib, o‘zining bosqinchilik jinoyatini yashirish maqsadida, T.Yulliyevaning nevarasi voyaga yetmagan U.Hamroyevaning ko‘z o‘ngida javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda T.Yulliyevani qasddan o‘ldirish maqsadida hayoti va sog‘ligi uchun muhim bo‘lgan bo‘yin sohasidan tamagirlik niyatida qo‘li bilan bo‘g‘ib, so‘ngra bosh va tanasining turli qismlariga o‘zi bilan birga olib kelgan yog‘och tayoq bilan qasddan bir necha marotaba o‘ta shafqatsizlik bilan urib, unga o‘rtacha og‘ir darajadagi tan jarohatlari yetkazib, xonada bo‘lgan voyaga yetmagan ojiz ahvoldagi U.Hamroyevani ham qasddan o‘ldirish maqsadida hayoti va sog‘ligi uchun muhim bo‘lgan bosh va tanasining boshqa qismlariga qo‘l va oyoqlari bilan qasddan bir necha marotaba o‘ta shafqatsizlik bilan urib, unga o‘rtacha og‘ir darajadagi tan jarohatlari yetkazib, T.Yulliyeva va voyaga yetmagan U.Hamroyevalarni hushsiz holatga keltirib, T.Yulliyeva hamda voyaga yetmagan U.Hamroyevaning ustiga yotoqxonada bo‘lgan ko‘rpa-to‘shaklarni tashlab, ularni qo‘lida bo‘lgan yondirgich bilan yoqib, voqea joyidan yashiringan.

Biroq, jabrlanuvchi T.Yulliyevaning faol harakatlari, ya’ni I.Eshmuradov xonadan chiqib ketganiga ishonch hosil qilganidan so‘ng qo‘shnilarni yordamga chaqirib kelgani natijasida, ular tomonidan xonadagi yong‘inning oldi olinishiga erishilib, I.Eshmuradovning rejalashtirgan jinoyati o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkazilmagan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi apellyasiya instansiyasining 2009 yil 3 sentyabrdagi ajrimi bilan hukm o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2020 yil 6 fevraldagi ajrimi bilan I.Eshmuradovga nisbatan chiqarilgan jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi apellyasiya instansiyasining 2009 yil 3 sentyabrdagi ajrimi bekor qilinib, jinoyat ishi yangitdan apellyasiya instansiyasi sudida ko‘rish uchun yuborilgan.

Shu bois, mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining apellyasiya instansiyasida ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 22-moddasi talablariga ko‘ra, sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek, u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlarni sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqishi, ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan ham oqlaydigan holatlarni aniqlashi va hisobga olishi lozimligi;

463-moddasi 1-qismiga muvofiq, ayblov hukmi taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas va faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida isbot qilingan taqdirdagina chiqariladi, ayblov hukmiga jinoyat sodir etilishining ish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan holatlarni tekshirish, ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kam-ko‘stni to‘ldirish, yuzaga kelgan hamma shubha va qarama-qarshiliklarga barham berish natijasida yig‘ilgan ishonchli dalillargina asos qilib olinishi lozimligi qayd etilgan.

Biroq, birinchi bosqich sudi ish bo‘yicha qayd etilgan Qonun talablari hamda tushuntirishlariga rioya qilmagan.

Birinchi bosqich sudi, sudlanuvchi I.Eshmuradovning sudda e’lon qilingan ayblovga munosabatini bildirib, o‘zini himoya qilish uchun keltirgan vajlariga huquqiy baho bermasdan, jabrlanuvchi T.Yulliyevaning bir-biriga zid ko‘rsatmalari, hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish bayonnomasi, baromoq izlarining sudlanuvchi I.Eshmuradovga tegishli ekani haqidagi ekspertiza xulosasi, sudga oid biologik ekspertiza xulosasi bilan hamda jinoyat ishida to‘plangan boshqa bir qator dalillar yig‘indisi bilan I.Eshmuradovni aybini tasdiqlovchi dalil sifatida e’tirof etib, barvaqt xulosaga kelgan ko‘rinadi.

Apellyasiya instansiyasining videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan sud prosessida so‘roq qilingan I.Eshmuradov, jabrlanuvchi T.Yulliyeva va uning oila a’zolarini tanishini, biroq ular bilan orasida biror vaqt kelishmovchiliklar bo‘lmaganini, 2009 yilning 29 yanvar kuni jabrlanuvchi T.Yulliyevaning uyida sodir etilgan bosqinchilikda uning daxli yo‘qligini, u bu haqida tergov harakatlari jarayonida bilganini, 2009 yilning 29 yanvar kunidan 30 yanvar kuniga o‘tar kechasi uyida televizor tomosha qilib, so‘ngra uxlaganini, o‘sha kuni faqat qo‘shnisi Boqiyev Islomnikiga borib, undan DVD disk olib kelganligini, jabrlanuvchi T.Yulliyevaning uyiga bostirib kirmaganligini yoki unda pul borligini bilmaganligini, jinoyat sodir bo‘lgan kuni o‘z uyida bo‘lganini boshqa guvohlar ham buni tasdiqlashini, jabrlanuvchining uyi bilan uning uyi orasidagi masofa 3 km.larni tashkil etishini, kiyimlarida aniqlangan
“A” antigenli qon dog‘i, turmush o‘rtog‘i va qaynog‘asi bilan urishib qolgan vaqtda ulardan kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligini, oilasidan boshqa ikkinchi ayoli ham bo‘lganligini, u uni uyga olib kelganida qaynukasi A.Shodiyev ham uyida bo‘lganini va shu sabab oralarida janjal kelib chiqganini, janjalda qaynukasini burni yoki labi qonaganligini, qon dog‘lari aynan A.Shodiyevga tegishli bo‘lishi kerakligini, jabrlanuvchining turmush o‘rtog‘i B.Yulliyev bilan munosabatlari yaxshi bo‘lganligini, ikkovi birgalikda uning uyida karta o‘ynab turganliklarini, biroq u unda pul borligidan bexabar bo‘lganini, T.Yulliyevaning uyida sodir bo‘lgan voqealarni tergov harakatlari jarayonida bilganini, IIB xodimlari undan o‘z aybiga iqror bo‘lishini talab qilishib, unga turli jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazishganini, IIB xodimlari asossiz ravishda uni ma’muriy qamoqqa olishib, aybiga iqrorlik bildirmasa giyohvandlik vositasi tashlab bo‘lsa ham uni qamash bilan qo‘rqitganliklarini, 3 sutka davomida uni qiynoqlarga solishib, undan barmoq izlari olishganini, u jinoyat sodir etmagani, vijdoni oldida o‘zini aybsiz deb hisoblashini va suddan ham unga nisbatan adolatli qaror qabul qilishni so‘rab ko‘rsatma berdi.   

Apellyasiya instansiyasida so‘roq qilingan Z.Eshmuradova, I.Eshmuradov uning turmush o‘rtog‘i ekanligini, 2009 yilning 29 yanvar kuni turmush o‘rtog‘i bilan kun davomida uyda bo‘lganligini, turmush o‘rtog‘i g‘ishtdan hammom qurganligini va shu kuni uyidan boshqa hech qayerga ketmaganligini, shu kuni soat 18:30 larda oila a’zolari ovqatlanayotganlarida qo‘shnisi Jumayeva Malohat kelganini va soat 22:30 larga qadar ularnikida mehmonda bo‘lganligini, mehmon ketganidan so‘ng turib turmush o‘rtog‘i televizor ko‘rib yotgan uyga kirganida televizor va DVD yoniq holatda holatda ekanligini, biroq turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li uxlab yotganligini ko‘rganini, shu kuni soat 21:00 lar atrofida uyidan chiqib ketib, qo‘shnilari Boqiyev Islomning uyidan DVD disk olib kelganini, shundan so‘ng turmush o‘rtog‘i tong otgunga qadar uyidan chiqib ketmaganligini, T.Yulliyevaning uyida bo‘lib o‘tgan voqeadan bir necha kun oldin turmush o‘rtog‘i I.Eshmuradov uyiga ikkinchi xotinini olib kelganligini, o‘sha paytda ularning uyida ukasi Shodiyev Ashur ham bo‘lganligini, shu sababli ukasi Ashur pochchasi bilan o‘zaro janjallashib ketganligini, janjal davomida Ashur jarohat olib, uning burnidan qon oqqanligini, shu sababli ukasi va turmush o‘rtog‘i qonga bulg‘anganligini, o‘sha kuni turmush o‘rtog‘ining ustida oq yo‘l-yo‘l futbolkasi va choponi bo‘lganligini, oyog‘ida nima borligini eslolmasligi haqida ko‘rsatma berdi.

Jinoyat ishini apellyasiya instansiyasida ko‘rish davrida Rossiya Federasiyasiga ishlash uchun ketgan, biroq, birinchi bosqich sudida so‘roq qilingan Jumayeva Malohat Akmalovna, Z.Eshmuradovaning ko‘rsatuvlarini tasdiqlab, haqiqatdan ham 2009 yilning 29 yanvar kuni soat 19:30 lardan 22:00 larga qadar I.Eshmuradovlarning uyida bo‘lganini, shu vaqt oralig‘ida I.Eshmuradovning spirtli ichimlik iste’mol qilganini ko‘rmaganligini yoki u uyiga ketayotgan vaqtida ham I.Eshmuradov uyida bo‘lgani haqida ko‘rsatma bergan bo‘lsa, 2019 yilning 2 iyul kunida o‘limi qayd etilgan, ya’ni sudda so‘roq qilingan Boqiyev Islom Umarovich sudlanuvchi I.Eshmuradov bilan uning uyi orasidagi masofa taxminan 100 metrni tashkil qilishini, 2009 yilning 29 yanvar kuni soat 20:30 larda I.Eshmuradov uning uyiga kelib undan DVD disk olib ketganligini, I.Eshmuradov uning uyiga kelgan vaqtida taxminan yarim soatlarcha u bilan suhbatlashib turganligini, biroq u uning spirtli ichimlik iste’mol qilganligini sezmagani haqida ko‘rsatma bergan.

Apellyasiya instansiyasida so‘roq qilingan A.Shodiyev, sudlanuvchi I.Eshmuradov opasi Z.Eshmuradovaning turmush o‘rtog‘i ekanligini,
2009 yil 19 yanvar opasi Z.Eshmuradovaning uyiga xabar olish uchun borganligini, pochchasi Ixtiyor uyiga ikkinchi xotin sifatida tanishtirgan bir ayolni olib kelganligini, shunda uning jahli chiqib, pochchasi bilan janjallashganligini, janjal vaqtida uning burnidan qon kelganligini, qon dog‘lari o‘zining ham pochchasining ham kiyimlariga tekkanligini, opasi va jiyanlari ularni ajratganligini bildirib ko‘rsatma bergan.

Apellyasiya instansiyasida so‘roq qilingan D.Eshmuradov ham aynan Z.Eshmuradova va A.Shodiyevlarning ko‘rsatuvlariga o‘xshash ko‘rsatuv berishgan.

Tergov harakatlari jarayonida so‘roq qilingan Jumayeva Sadoqat To‘xtayevna, haqiqatda sudlanuvchi I.Eshmuradov bilan ishqiy munosabatlari bo‘lganini va 2009 yilning 15 yanvar kuni kech soat 03:00 larda I.Eshmuradovning taklifiga ko‘ra u bilan birgalikda uning yashash uyiga borganini, bu vaqtda I.Eshmuradov mast holatda bo‘lganini bois, uyiga borgach oila a’zolari bilan janjallashgani haqida ko‘rsatuv bergan.

Sudga oid biologik ekspertizasining xulosasidagi I.Eshmuradovning kiyimidan topilgan “A” antigenli qon dog‘lari shu antigenli har qanday shaxslardan, shu jumladan “A” antigenli qon guruhiga ega bo‘lgan jabrlanuvchi T.Yulliyeva yoki boshqa shu guruhga mansub boshqa shaxslardan ham kelib chiqishi istisno etilmasligi ko‘rsatilgan.

Mazkur ekspertizaning xulosasi bilan aniqlangan qon dog‘lari
2009 yil 15 yanvardagi janjalda qatnashgan har bir shaxsdan ham kelib chiqishi mumkinligi istisno etilmagan bo‘lib, bu shubhani bartaraf etish uchun Z.Eshmuradova, uning akasi A.Shodiyev va o‘g‘li D.Eshmuradovning qonidan namuna olinganida faqatgina A.Shodiyevning qon guruhi
“A” antigenli ekanligi qayd etilgan bo‘lib, bu esa sudlanuvchi I.Eshmuradovning sudda va shikoyatida keltirgan vajlarini, ya’ni qaynukasi A.Shodiyev bilan o‘rtasida janjal bo‘lib o‘tganini va uning kiyimidagi qon dog‘lari A.Shodiyevga tegishli ekani haqidagi ko‘rsatmasini inkor etmaydi.

Bunday holatda, sudga oid biologik ekspertiza xulosasining I.Eshmuradovning kiyimidan topilgan “A” antigenli qon dog‘lari jabrlanuvchi T.Yulliyevaga tegishli degan birinchi bosqich sudining xulosasini shubha ostiga qo‘yadi.

O‘zbekiston Respublikasi JPK 187-moddasining 2-qismi talabiga ko‘ra, ekspertning xulosasi surishtiruvchi, tergovchi, sud uchun muqarrar daliliy kuchga ega emasligi qayd etilgan.

Shuningdek, birinchi bosqich sudi I.Eshmuradovning aybi, T.Yulliyevaning uyining kirish eshigi derazasidan olingan barmoq izlari I.Eshmuradovga tegishliligi haqidagi ekspertiza xulosasi bilan tasdiqlanganini ko‘rsatgan holda aynan shu barmoq izlarini olinish holatini to‘lig‘icha o‘rganmagan.

Voqea joyini ko‘zdan kechirish 2009 yil 30 yanvar kuni soat 01:20 da o‘tkazilgan bo‘lib, barmoq izi kirish eshigining deraza oynasidan olingani qayd etilgan. Kechasi uyda chiroq bo‘lmagan holatda, ko‘zdan kechirish qanday amalga oshirilgani, ko‘zdan kechirish bayonnomasiga ilova qilingan suratlar kunduz kuni olingani aks etgani, eshik derazasidagi barmoq izi suratga olinmasdan kechasi qanday olinganiga aniqlik kiritilmagan.

Voqea joyi Z.Boboyev va X.Hamroyevning xolisligida ko‘zdan kechirilganligi qayd etilgan.

Apellyasiya instansiyasida so‘roq qilingan Z.Boboyev, jabrlanuvchi T.Yulliyevaning uyiga noma’lum shaxs bostirib kirgani haqida
2009 yilning 30 yanvar kuni soat 09:00 larda eshitganligini, uning uyi va T.Yulliyevaning uyi orasidagi masofa 150 metrni tashkil etishi bois, shu kuni ertalab odamlar to‘planib turishgani uchun u yerga borganida, 4-5 nafar IIB xodimlari va T.Yulliyevaning qarindoshlari olov yoqib turishganligini ko‘rganligini, IIB xodimlari voqea joyidagi olovda kuygan va qon to‘kilgan ko‘rpa-to‘shaklarni ko‘zdan kechirib bayonnoma tuzganliklarini, tuzilgan bayonnomaga unga xolis sifatida imzo qo‘yganini, voqea joyini ko‘zdan kechirish jarayonida xolis sifatida ishtirok etgan fuqaro Hamroyev Hamroni tanimasligini, voqea joyini IIB xodimlari suratga olganliklarini ko‘rmaganligini, voqea joyidagi barmoq izlari olingan daktiloskopik plenka solingan konvertni imzolamaganligini, konvertdagi xolis Z.Boboyevning o‘rniga qo‘yilgan imzo unga tegishli emasligi haqida ko‘rsatma berdi.

Shuningdek, ishda xolis sifatida jalb etilgan X.Hamroyev ham tergov jarayonida 2009 yil 29 yanvar kuni kechasi uxlagani, kechasi voqeani eshitib borib, usha yerda uydan chiqarilgan kuygan ko‘rpachalarni yerga solib o‘tirganini bildirgan.

Ko‘rsatuvlariga ko‘ra, har ikkala xolis Z.Boboyev va X.Hamroyev ham voqea joyini ko‘zdan kechirishda qatnashmaganliklari ko‘rinadi.

Voqea joyini ko‘zdan kechirish bayonnomasida uchta daktoplyonkada barmoq izlari olingani qayd etilgan bo‘lsa-da, ularni konvertga solinib muhrlangani, har qaysi plyonkadagi barmoq izining qayerdan olingani belgilanib alohida xususiyati qayd etilmagan.

Ekspertiza o‘tkazish uchun barmoq izlari 125x200 mm. bo‘lgan qog‘oz jildda taqdim qilingan. Paket ekspert tomonidan suratga olinmagan, uning ustida kimlar imzo qo‘ygani, jildni ichidan qanday holatda daktoplyonkalar olingani umuman aks ettirilmagan.

Tadqiqotga taqdim etilgan daktoplyonkalarning qaysi biri eshikdan, qaysi biri derazadan olingani biror hujjatda aks ettirilmagan bo‘lsa-da ekspert buni qanday bilgani mavhum.

Jinoyat ishi hujjatlariga ilova qilingan sudga oid xatshunoslik ekspertizasining 2009 yil 14 iyuldagi 529-sonli xulosasida, 2009 yil 30 yanvardagi “Voqea joyini ko‘zdan kechirish bayonnomasi”ning “imzo-podpis”, “Xolislar:2” grafalaridagi, jinoyat ishining 23-betidagi Jondor tuman IIB boshlig‘i nomiga Boboyev Zafar Teshayevich nomidan yozilgan 31.01.2009 yildagi tushuntirish xatining old tomonidagi “31.01.09” yozuvi qarshisidagi va orqa tomonidagi “31.01.09” yozuvi yuqorisidagi “Boboyev Z.” nomidan bajarilgan imzolar, fuqaro Boboyev Zafar tomonidan bajarilgani aniq qayd etilgan bir vaziyatda, voqea joyini ko‘zdan kechirish jarayonida, eshik oynasidan va deraza oynasidan 3 dona 35x70 mm, 35x71mm, 35x41 mm daktiloskopik plyonkalarga olingan qo‘l barmoq izlari solingan konvertning “Xolislar:2” grafasidagi “Boboyev Z.” nomidan bajarilgan imzo fuqaro Boboyev Zafar tomonidan bajarilgan bo‘lishi mumkinligi xususida taxminiy xulosa berilgan.

Qonun mazmuniga ko‘ra, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan qonun normalarini aniq bajarishdan va unga rioya qilishdan har qanday chekinish, u qanday sababga ko‘ra yuz berganligidan qat’iy nazar, shu yo‘l bilan olingan dalillarning maqbul emas (yaroqsiz) deb topilishiga olib keladi.

Maqbul bo‘lmagan dalillar yuridik kuchga ega bo‘lmay, ulardan JPKning 82-84-moddalarida nazarda tutilgan holatlarni isbotlash uchun foydalanish hamda ularni ayblov asosiga qo‘yish mumkin emas.

Yuqorida qayd etilganlarga ko‘ra, voqea joyini ko‘zdan kechirish bayonnomasini tegishli tartibda rasmiylashtirilmagani hamda daktiloskopik plyonkalardagi qo‘l barmoq izlari prosessual tartibga rioya qilingan holda olinmagani sababli, sudlov hay’ati ushbu dalillarni maqbul emas deb topadi.

Jabrlanuvchi T.Yulliyeva dastlabki tergov jarayonida uni uyiga kirgan shaxs undan hech qanday pul va boshqa mulklar talab qilmaganligini, uyiga kirgan shaxsni tanimaganligini, noma’lum shaxs uni urib, unga tan jarohati yetkazishi jarayonida u ham uni timdalab unga jarohat yetkazganini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, keyingi ko‘rsatuvlarida esa uyiga bostirib kirgan shaxsning aynan sudlanuvchi I.Eshmuradov bo‘lganini va u uni beshafqatlarcha urib, undan pul topib berishni talab qilgani haqida turlicha ko‘rsatmalar berib, ko‘rsatmalarini bir necha marotaba o‘zgartirgan.

Apellyasiya instansiyasida jabrlanuvchi sifatida so‘roq qilingan T.Yulliyeva, 2009 yil 29 yanvar kuni kechga borib elektr energiyasi o‘chib qolganligini, nabirasi Umriya bilan borib yoqqanligini, shundan so‘ng, uyda televizor ko‘rib yotganligini, nabirasi Umriya uxlab qolganligini, birdan eshik ochilib bir kishi kirib uni bo‘g‘ib ura boshlaganligini, shunda nabirasi uyg‘onib baqirganligini, nabirasini ham urib tepganligini, nabirasi Umriya xushidan ketganligini, uni qo‘lidagi tayoq bilan urib, pul topib berishini talab qilganligini, uyida pul yo‘qligini aytganligini, yana do‘pposlashni davom ettirganligini, shu vaqtda u Ixtiyorni timdalab unga tan jarohati yetkazgan yoki yo‘qligini bilmasligini, dastlabki ko‘rsatmalarda uyiga bostirib kirgan shaxsga jarohat yetkazgani haqidagi ko‘rsatmalarini izohlay olmasligini, do‘pposlanishi jarayonida u yiqilib, o‘zini o‘lganga solganligini, shunda Ixtiyor nabirasi va uning ustiga ko‘rpachalarni yopib, yondirgich bilan yoqib ketganligini, Ixtiyor xonadan chiqib ketganligiga ishonch hosil qilgach, qaynopasining uyiga borganligini, nabirasini qo‘shnilari qutqarib qolganligini, uning yotoqxonasiga kirib, uni va nabirasini urgan kishi Ixtiyor ekanligini, Ixtiyorni aniq ko‘rganligini, qattiq qo‘rqqanligi sababli dastlab uyiga bostirib kirgan shaxs Ixtiyor ekanligini aytmaganligini, chunki o‘sha paytda ruhiy holati ham yaxshi bo‘lmaganligini, kasalxonada davolanib, o‘ziga kelib jinoyatni aynan Ixtiyor qilganligini aytganligini, ushbu jinoyatga ukalari Fayzullayev Kamol va Karimlarning aloqasi yo‘qligini, ukasi Kamolning qo‘lidagi tirnalish futbol o‘yinida bo‘lganligini, ukasi Karimning boldiridagi tan jaroxati esa yerlarini ag‘dartirayotganida traktorga tegib tan jaroxat olganligini, agar ukasi ushbu jinoyatni sodir qilganida ukasiga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan bo‘lishini, uning uyiga bostirib kirib, uni va nabirasini urgan Ixtiyor ekanligi haqida ko‘rsatma bergan.

Fayzullayev Kamol ham qo‘lidagi tirnalishni futbol uynashi vaqtida yiqilib olganini, oradan ko‘p yillar o‘tgani bois buni kimlar guvohi bo‘lganini ayta olmasligi haqida ko‘rsatma bergan.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 23-moddasiga ko‘ra, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi, 83-moddasida qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmagan shaxs aybsiz deb topilishi lozimligi qayd etilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi apellyasiya instansiyasining 2020 yil 28 may kunidagi ajrimi bilan shu sudning 2009 yil 3 avgustdagi Eshmuradov Ixtiyor Qoryog‘diyevichga oid hukmi bekor qilinib, uning harakatida JK 164-moddasi 4-qismining “a” bandi va  25,97-moddasi 2-qismining “a,v,j,i” bandlarida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli, jinoyat ishi JPK 83-moddasining 2 va 3-bandlariga asosan tugatilib, u aybsiz deb topilgan va oqlangan.

 

Abdumannon SHAYDOYEV, Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi raisi o‘rinbosari

Kiritildi: 19:43 29.05.2020. O'qildi: 3933 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!