Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahridagi 34-umumta’lim maktabida 4-sinf o‘quvchilaridan birining otasi sinf xonasiga kirib, bolalarni kaltaklagani va bu holatga sinf rahbar tomoshabin bo‘lib qarab turganligi aks etgan videolavha tarqaldi.
Viloyat MMTB ushbu holat bo‘yicha qo‘yidagilarni ma’lum qiladi: videolavhada aks etgan holat joriy yilning 30- aprel kuni 4-B-sinfida sodir bo‘lgan. Shu kuni sinf o‘quvchilari ko‘chada o‘zaro janjallashib qolishadi va bolalardan biri o‘rtog‘ining otasiga qo‘ng‘iroq qilib, uning o‘g‘lini urishganini aytadi. Ota ( B.SH.) shu zahoti sinf xonasiga kelib, o‘g‘lini urgan bolalarni boshqalarning oldida kaltaklab ketadi.
Maktab rahbariyati tomonidan otaning noqonuniy hatti-harakati bo‘yicha tegishli huquq-tartibot idoralariga rasmiy murojaat qilingan. Shu bilan birga begona shaxsni maktabga bemalol kirishiga yo‘l qo‘ygan maktab qorovuli SH.A bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
O‘z xizmat vazifasiga nisbatan mas’uliyatsizlik bilan yondashgan hamda yuzaga kelgan holatni nazoratsiz qoldirgan maktab direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Sinf rahbari va maktab direktorining tegishli o‘rinbosarlari faoliyatini o‘rganish maqsadida ayni paytda xizmat tekshiruvi amalga oshirilmoqda. Tekshiruv natijalari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.