Bugun 26 iyun, 2025 yil, payshanba

КИР

Rossiyaning «xufiyona armiyasi»: Ukraina urushida markaziy osiyolik migrantlar halok bo‘lmoqda

Rossiyaning «xufiyona armiyasi»: Ukraina urushida markaziy osiyolik migrantlar halok bo‘lmoqda

Ukrainadagi urush bir qancha frontlarda kechmoqda. Ammo eng Rossiyaning ichida ham hayot uchun kurash ketmoqda: deportasiya markazlari, migrasiya idoralari va qurilish ob’ektlari orqali minglab markaziy osiyolik migrantlar o‘zlariniki bo‘lmagan urushga yollanmoqda yoki majburiy ravishda jalb etilmoqda.

Atlantic Councilʼning Ukraina Mudofaa vazirligi huzuridagi «Xochu jit» («Yashashni istayman») loyihasi ma’lumotlariga tayanib yozishicha, ayni paytda Rossiya qurolli kuchlari safida uch mingdan ortiq Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari xizmat qilmoqda.

Rossiya asosan o‘z hududlaridagi ichki manbalar — ayniqsa, etnik ozchiliklar hisobiga armiyasini to‘ldirib keladi. Biroq, agar «Xochu jit» loyihasining ma’lumotlari to‘g‘ri bo‘lsa, markaziy osiyoliklar hozir Rossiya tomonida urushda qatnashayotgan xorijliklar orasida ikkinchi eng yirik guruhni tashkil qilmoqda — birinchi o‘rinda KXDRdan yollangan taxminan 11 ming nafar askar turadi. Biroq so‘nggi haftalarda ularning deyarli yarmi jangda halok bo‘lgani aytilmoqda, qolganlari esa frontdan g‘oyib bo‘lgan.

Rossiyaning «xarjlanadigan» askarlari

«Xochu jit» hisoboti keltirgan raqamlar dahshatli:

  • 1110 nafar o‘zbekistonlik harbiyga jalb etilgan; ulardan 109 nafari halok bo‘lgan.
  • 931 nafar tojikistonlik; 196 nafari o‘lgan.
  • 360 nafar qirg‘izistonlik; 38 nafari halok.
  • 170 nafar turkmanistonlik; 27 nafari halok bo‘lgan.

Ular kasban harbiylar emas. Ularning aksariyati — sobiq ko‘cha tozalovchilar, turli xizmatlar va qurilishda ishlagan muhojirlar. Ko‘pincha hujjatsiz, huquqiy noma’lum holatda bo‘lgan bu shaxslar tezkor Rossiya fuqaroligi, daromad va’da qilinib yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri deportasiya markazlari yo qamoqxonalardan jalb qilinganlar.

Bu huquqiy himoyasizlik Kremlning eng samarali quroliga aylangan. Bu, ayniqsa, Moskvadagi Saxarovo migrasiya markazida juda yaqqol ko‘zga tashlanadi — bu markaz Markaziy Osiyoliklar uchun yollash jarayonining asosiy nuqtasidir.

2022 yil sentyabrida Duma harbiy xizmat evaziga tezkor fuqarolik berish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgan kunining o‘zida, Moskva meri Sergey Sobyanin migrantlarga qaratilgan maxsus yollash kampaniyasini boshlagan.

Kreml bilan bog‘liq «Vagner» guruhi ham — uning marhum rahbari Yevgeniy Prigojin 2023 yil may oyida Baxmut uchun jangda qurbon bo‘lgan 20 ming jangchining yarmi qamoqxonalardan jalb etilganini aytgan — xuddi shunday va’dalar orqali Rossiyaning boshqa hududlaridan ham yollovchilar to‘plagan.

Markaziy Osiyodan kelgan himoyasiz shaxslarni jalb qilish — bu strategiyaning ilgari ham markaziy qismi bo‘lgan. Qonun qabul qilingan paytda Duma Mudofaa qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Andrey Krasov buni «imtiyoz» deb baholagan va shunday degan: «Shuncha Markaziy Osiyoliklar fuqarolik va karyera uchun armiyada xizmat qilishni xohlaydi».

Biroq Rossiya rasmiylari «imtiyoz» sifatida ko‘rsatgan narsa aslida tuzoq ekani tezda ma’lum bo‘ldi.

2022 yil may oyida Farg‘ona vodiysidan kelgan o‘zbekistonlik bir kishi Luhanskdagi frontda Rossiya harbiy formasida kamera oldida chiqib, Afg‘onistondagi ilgarigi xizmat sababli u jalb qilinganini aytgan. Keyinroq u faqat 590 dollar oylikka 3 oylik shartnoma asosida jalb etilgani ma’lum bo‘ldi — bu Moskvadagi yollovchilar va’da qilgan 4000 dollarlik oylikning kichik bir qismi edi.

U va u kabi boshqalar uchun front yakkayu yagona yo‘l — ortga yo‘l yo‘q. Ularga bu yetib kelgunicha ham kech bo‘ladi. Va’da qilingan pul ko‘p hollarda berilmaydi, fuqarolik esa olinmaydi. Ularning ko‘pchiligi pul yoki pasportni olishga ulgurmasdan halok bo‘ladi.

Chegaralarda qurilgan urush

Rossiyada 12 milliondan 14 milliongacha mehnat muhojirlari bor, ularning taxminan 10,5 millioni Markaziy Osiyodan. Ulardan katta qismi hujjatsiz, mehnat yoki yashash huquqlaridan mahrum. Bu huquqiy noaniqlik hududi — ekspluatasiya uchun mukammal qurilgan tizimdir.

O‘zbekistonda tug‘ilgan, hozirda Rossiyada faoliyat yuritayotgan advokat Valentina Chupik uchun bu manzara juda ravshan. 2022 yil sentyabrda u RFL/RL radiosiga shunday degan:

«Mehnat muhojirlari tirik nishon sifatida ishlatilmoqda. Buni “ixtiyoriy xizmat” deb ataydilar, lekin muhojirlar yaxshi biladi: rad etsangiz — deportasiya yoki undan ham yomon oqibatlar kutmoqda».

Insonlar hayoti bilan bog‘liq yo‘qotishlar halokatli darajada. 2024 yil 3 iyun kuni nashr qilingan Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) hisobotiga ko‘ra, Ukrainadagi janglarda Rossiya umumiy yo‘qotishlari 1 millionga yaqin, shundan 250 mingga yaqini halok bo‘lgan. Bu Ikkinchi jahon urushidan beri Rossiya yoki SSSR ishtirok etgan urushlar orasida eng yirik yo‘qotish hisoblanadi.

Shunga qaramay, Kremlning urush mashinanizmi to‘xtagani yo‘q. Hisobotda ko‘rsatilishicha, yashirin strategiya aniq: elita farzandlarini asrash, evaziga ko‘rinmas insonlar — mahbuslar, qishloqdagi kambag‘allar, etnik ozchiliklar va huquqsiz migrantlarni urushga yuborish.

CSIS hisobotiga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu yollanuvchilarni «xarjlanadigan» va siyosiy jihatdan xavfsiz deb hisoblaydi. Huquqlaridan mahrum etilgan va qo‘rquv bilan og‘zi yopilgan Markaziy Osiyo muhojirlari bu rolga juda mos keladi.

Markaziy Osiyo davlatlari rasman o‘z fuqarolarining Rossiya tomonida urushda qatnashishiga qarshi va yollovchilar hamda jangchilarni jazolash bo‘yicha choralar ko‘rmoqda. Biroq bu sa’y-harakatlar ko‘p hollarda samarasiz yoki mahalliy hokimiyatlar befarqlik bilan munosabatda bo‘lgani uchun natija bermayapti. Shu bilan birga, Rossiya ularning fuqarolarini ochiqdan-ochiq frontga jalb qilishda davom etmoqda.

Asli fojia nimada?

Putin Ukrainaga qarshi hujumini kuchaytirgan sari, Rossiya o‘z harbiy safarbarlik tizimi nimalarga qodir ekanini yanada yaqqolroq namoyon qilmoqda — bu tizim qasddan zaiflardan foydalanish uchun qurilgan. Bu tizimda eng zaif qatlam — huquqlaridan, imkoniyatlaridan va muammolardan qochish yo‘llaridan mahrum etilgan markaziy osiyolik muhojirlaridir.

Ular Rossiyaning soyasi ostida yashab kelishayotgandi. Asosan shaharlardagi qurililarda ishlab. Ular endi mo‘may pul yoki pasport va’da qilinib frontga yo‘llanmoqda, ammo bu va’dalar amalda buziladi, bajarilmaydi. Eng achinarlisi, ularning ko‘pchiligi na pulini, na pasportini ko‘rib ulguradi.

Bu urush faqatgina Putin qanchalik chegara bilmasligini oshkor qilibgina qolmaydi — balki jamiyatning asil axloqiy yemirilishiga oyna tutmoqda: fuqarolik tirik nishon uchun almashtiriladigan narsaga aylandi, iqtisodiy nochorlik esa rasmiy siyosat vositasiga aylandi. Buning oqibatida butun boshli jamoalar shunday urushga tortilayaptiki, ular na uni boshlagan, na undan voz kechish imkoniga ega bo‘lgan.

Agar «Xochu jit» loyihasi qayd etgan raqamlar to‘g‘ri bo‘lsa, unda haqiqatdan qochib bo‘lmaydi: Putin urushni zo‘ravonlik bilan safarbar qilingan va unutib yuborilgan insonlar armiyasi orqali olib bormoqda. Markaziy Osiyo muhojirlari ommaviy ravishda halok bo‘layapti, ularning yetakchilari esa ko‘p hollarda o‘z fuqarolarini chet eldagi tazyiq va ekspluatasiyadan himoya qilish uchun yetarlicha harakat qilayotgani yo‘q.

Kiritildi: 16:42 25.06.2025. O'qildi: 1083 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!