Holat Peshku tumani, «Jongeldi» MFY hududidagi «Qoraqir-1» konturida joylashgan tabiiy suv havzasida o‘tkazilayotgan ekologik nazorat reydida aniqlangan. Reyd davomida ikki nafar fuqaro S.S. hamda A.J. suv havzasi qirg‘og‘ida leskali to‘rlarga ilingan baliqlarni ajratib tergan vaqtda ushlangan. Ularning yonidan baliq ovlashda foydalaniladigan to‘rlar va rezina qayiq topilgan. Dallillar tekshirilganda, ular tomonidan 650 dona orol chavoq balig‘i noqonuniy ravishda ovlangani aniqlangan.
- Ekologik organlari hisob-kitobiga ko‘ra, aybdorlarning tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 267 million 800 ming so‘mdan iborat. Dastlabki tergovda sudlanuvchilarning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi, 4-qismi bilan juda ko‘p miqdordagi o‘g‘rilik sifatida kvalifikasiya qilingan. Sud ham ishga doir materiallarni chuqur tahlil qildi. Sudda «Peshku balig’i» MCHJ «Qoraqir» suv havzasining bir qismi – 1961 gektar suv maydonini ijaraga olganini aniqlandi. Biroq, mazkur jamiyat sanoat usulida baliq ovlashga tegishli kvotaga ega bo‘lmagani ham ochiqlandi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 9 fevraldagi 80-sonli qarori bilan tasdiqlangan qoidalarga tayanib, tabiiy suv havzalarida yashovchi baliqlar davlat mulki hisoblanadi,- deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshku tuman sudi sudyasi Farrux Ikromov.
Sud ishi davomida yana bir holat yuzaga kelib chiqqan. Hodisa joyidan 1 dona rezina qayiq va 35 dona leskali to‘rdan tashqari, jami 1077 dona, 983 dona orol chavoq balig‘i va 94 dona orol moy balig‘i topilgan. Biroq, sudda 3 ta qopdagi 333 dona orol chavoq va 94 dona orol moy balig‘i hamda 25 dona to‘r, aynan, S.S. va A.J. tomonidan ovlangani ishonchli dalillar bilan isbotlanmagan. Sababi reyd vaqtida voqea joyidan motorli qayiqda ketib qolgan fuqaroning shaxsi aniqlanmagan va aybdorlar ham ularni tanimasligini, hatto, e’tibor qaratishmaganini bildirishgan. Shunga ko‘ra, sud Konstitusiya va Jinoyat-prosessual kodeksida belgilangan «bartaraf etib bo‘lmaydigan shubhalar sudlanuvchi foydasiga hal qilinadi» degan huquqiy prinsipni qo‘llagan.
Shuning uchun mazkur qismi sudlanuvchilarning ayblovidan chiqarilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, S.S. hamda A.J.ning har biriga 4 yil ozodlikdan cheklash va 2 yil ov qilish huquqidan mahrum qilish jazosi qo‘llanilgan. Bundan tashqari, tabiatga yetkazilgan 276 million 800 ming so‘m zarar sudlanuvchilardan solidar tartibda undirilishi belgilandi.