Bugun 7 may, 2024 yil, seshanba

КИР

Buxoroda ISHID jangarilari safida bo‘lgan ayolga sud hukmi o‘qildi

Buxoroda ISHID jangarilari safida bo‘lgan ayolga sud hukmi o‘qildi

2012 yildan 2019 yil may oyiga qadar Suriyada ISHID jangarilari safida bo‘lgan 28 yoshli Zebiniso Zokirova Buxoroga qaytarildi. Bu haqda «Daryo»ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Jondor tuman sudi raisi Bahrillo Jabborov ma’lum qildi.

Jondor tumanida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida Zebiniso Zokirova ustidan olib borilgan sud ishi nihoyasiga yetdi. Sudlanuvchi 2012 yilda buxorolik Fayzulla Xo‘jayevga turmushga chiqqan va o‘sha yilning o‘zida arzigulik sabablarsiz eridan norasmiy ajrashgan. U o‘zining jinoiy sheriklari bilan oldindan til biriktirib, virtual olamda taqiqlangan «Jihodchilar» diniy-ekstremistik oqimida ishtirok etgan.

Konstitusiyaga xilof tarzda diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, shuningdek, davlatni buzishga da’vat qilish mazmunidagi materiallarni tarqatish, jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblangan.

Aniqlanishicha, 1963 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan va ayni paytda dom-daraksiz ketgan Muxtor Zokirov o‘z farzandlari — qizi Zebiniso va o‘g‘li Muhammadni bolaligidan chalg‘itib kelgan. 2010 yilgacha diniy da’vatlar bilan o‘z farzandlarini shariat talablari asosida yashashga majburlagan. Har bir musulmon va muslima jihod qilishi lozimligini uqtirib, islom dini niqobidagi buzg‘unchi g‘oyalar girdobiga o‘rab kelgan.

2010 yilda diniy ekstremistik oqimlarga aloqadorligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan Muxtor Zokirov 2013 yilda ozod etilgach ham o‘ziga tegishli saboqni olmagan. Sud majlisida so‘roq qilingan M. Zokirovning xotini Xurshida Saidova guvoh sifatida erining belgilangan jazo muddatini o‘tab chiqqani, 2015 yilda milliy hunarmandlik uyushmasi tomonidan Qozog‘istonnng Olmaota shahriga ko‘rgazmaga qatnashish uchun ketgani va shu bilan qaytib kelmaganini bildirgan.

M. Zokirov xotinidan yashirin ravishda 2013 yildan boshlab farzandlari bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali bog‘lanib turgan. Opa-uka muntazam ravishda ijtimoiy tarmoqlar orqali jangarilarning jihod va hijratga chorlovchi ma’ruzalarini hamda videoroliklarini tomosha qilib kelgan. Bundan tashqari, Suriya va Iroq davlatlarida xalqaro terroristik tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan ISHID hamda «Jihodchilar» diniy ekstremistik oqimining virtual jamoatiga a’zo bo‘lgan.

2013 yilda Zebiniso Suriya davlatiga chiqib ketishni rejalashtirib, ukasi Muhammad bilan «Toshkent—Olmaota—Istanbul» aviayo‘nalishida Turkiya davlatiga chiqib ketgan. U yerdan Suriyaning Rakka shahriga o‘tib, ISHID jangarilari safiga qo‘shilishgan.

Bahrillo Jabborovning «Daryo» muxbiriga bildirishicha, opa-uka bir muddat Suriyadan turib, ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqalarni ham o‘zlarining qopqoniga tushira boshlagan. Diniy da’vatlar va ma’ruzalarni o‘qib, musulmonlarning kofirlarni o‘ldirishga haqqi borligi to‘g‘risidagi da’vatlar olib borgan. Keyinchalik Suriyaning Rakka shahridan qo‘nim topgan Zebiniso Zokirova Suriyaning Muaydin shaharchasidagi beva va turmushga chiqmagan qizlar binosiga, ukasi Muhammad esa erkaklar binosiga joylashtirilgan. Biroq Zebiniso ukasi bilan alohida binolarda yashashni boshlagan kunidan so‘ng ukasini qayta uchratmagan.

— Ukam bilan alohida-alohida binoga joylashtirishgach, oradan o‘n kuncha o‘tmay asli ozarbayjonlik bo‘lgan, 1978 yilda tug‘ilgan Abu Umarga shar’iy turmushga chiqdim. Chunki men u bilan qariyb bir yilcha ijtimoiy tarmoqlar orqali bog‘lanib turganman va uni shundan taniganman. Ammo ukamni loaqal bir marta bo‘lsada, qaytib uchratmadim. Abu Umar ISHIDda ayollar ta’minoti bo‘yicha mas’ul edi, keyinchalik snayper bo‘lib ishladi.

O‘rtamizda ikki nafar farzandimiz bor. Shuncha vaqt birga yashasakda, bizni yo‘ldan adashtirib, Suriyada sarson bo‘lishimizga sababchi otamning daragini berishmadi. Abu Umar 2017 yilda harbiy yurishga ketdi, ko‘p o‘tmay uning shahid bo‘lganini aytishdi. Shundan bir necha kun o‘tar-o‘tmas ukam Muhammad ham harbiy tayyorgarlik jarayonlaridan birida shahid bo‘lganini yetkazishdi. Bunday kulfatlarni hech kimga ravo ko‘rmayman,—dedi Zebiniso sayyor sudda.

Sudlanuvchi 2015 yil mart oyidan 2019 yilning may oyiga qadar Suriyaning Rakka, Idlib, Dayr az-Zor, Muaydin, Xasaka viloyatlarida ISHID safida faoliyat yuritib kelgan. 2018 yilning qish faslida Suriyaning Kishma shahriga qochishga erishgan va ISHID hududidan chiqib ketish yo‘llarini izlagan. Yashirin yo‘llar bilan kelib, Suriyaning Xasaka viloyatidagi Al-Xol aholi punktida kurd harbiylariga murojaat qilgan.

2019 yilning may oyi oxiriga qadar mazkur lagerda yashab kelgan. Shundan so‘ng o‘tkazilgan «Mehr» maxsus operasiyasi natijasida O‘zbekistonga keltirilgan.

Uning jinoiy harakatlari dastlabki tergov organi tomonidan Jinoyat kodeksi 155-moddasi 1-qismi, 156-moddasi 3-qismining «d» bandi, 159-moddasi 3-qismining «a,b» bandlari, 244-1-moddasi 3-qismining «a» bandi va 244-2-moddasining 1-qismi bilan tasniflagan.

Zebinisoga nisbatan odillik va insonparvarlik tamoyillari qo‘llanildi. Sud sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, aybiga to‘liq iqrorligi, muqaddam sudlanmaganligini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, ayolligi, og‘ir oilaviy ahvoli va jinoyatni ochishda faol yordam berganligini inobatga olib, unga nisbatan JKning 57-moddasini qo‘llab, ozodlikni cheklash jazosini belgilashni lozim topdi.

Kiritildi: 15:27 24.09.2019. O'qildi: 3127 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!