Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Buxoroda 3 kishini chuv tushirgan firibgarga jazo tayinlandi

Buxoroda 3 kishini chuv tushirgan firibgarga jazo tayinlandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi binosida, ochiq sud majlisida, N.Sharopov raisligida, sudlanuvchi F.Ismatov(F.I.SH. o‘zgartirilgan)ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Ish holatiga ko‘ra, sudlanuvchi F.Ismatov muqaddam bir necha marotaba sudlanib, o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, yana qasddan jinoyat sodir qilish yo‘liga o‘tib, o‘ziga tegishli bo‘lmagan bo‘sh yer maydonlaridan 4 sotixli yer maydoni olib berishni va’da qilib, H.U.H., Q.H.S., S.X.R.ning kuyovi R.B.B.larning har biridan (O‘zbekiston Respublikasining 10.711.000 so‘miga teng bo‘lgan) 4.000 AQSh dollaridan aldab olib, ammo hozirgi kunga qadar yer maydonini olib bermasdan, pullarni o‘z ehtiyoji uchun ishlatib, jabrlanuvchilarga moddiy zarar yetkazib, firibgarlik jinoyatini sodir qilgan.

Shuningdek, sudlanuvchi F.Ismatovning aybi dastlabki va sud tergovi vaqtida so‘roq qilingan jabrlanuvchi hamda guvohlarning ko‘rsatuvlari, guvoh U.H.ning ko‘rsatuvlarni hodisa joyida tekshirish bayonnomasi va unga ilova qilingan hujjat, guvoh B.R.ning ko‘rsatuvlarni hodisa joyida tekshirish bayonnomasi va unga ilova qilingan hujjat, yuzlashtirish bayonnomalari, narsani ko‘zdan kechirish va olib qo‘yish haqidagi bayonnoma, 2019 yil 13 fevraldagi shaxsni fotosuratdan tanib olish uchun ko‘rsatish bayonnomasi hamda jinoyat ishida to‘plangan boshqa barcha dalillar yig‘indisi bilan to‘liq o‘z isbotini topdi.

Sud, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 33-moddasida ko‘rsatilgan, agar shaxs sodir etgan qilmishda jinoyat kodeksining maxsus qismi ayni bir moddasining turli qismlarida nazarda tutilgan jinoyatlarning alomatlari mavjud bo‘lsa, shu moddaning og‘irroq jazo belgilangan qismi bo‘yicha javobgarlikka tortish lozimligi haqidagi qonun talablaridan kelib chiqib sudlanuvchiga jazo tayinlashni lozimligini hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 55-moddasiga asosan jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb baholaydi.

Sud, sudlanuvchi F.Ismatovning ijtimoiy xavfli qilmishni g‘arazli va boshqacha past niyatlarda sodir etganligini O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 56-moddasi “k” bandiga asosan jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb baholaydi.

Qayd qilingan Qonun va Plenum qarorining tushuntirishidan kelib chiqib, sudlanuvchi Yergashev Farrux Farmonovichga nisbatan jazo turi va miqdorini tayinlashda, sodir etilgan jinoyatni xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, uning aybiga qisman iqrorligini, oilaviy sharoitini, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligini hamda jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi boshqa holatlarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168-moddasi 2-qismining “b” bandi bilan axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlashni, shuningdek unga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining 2018 yil 27 oktyabr kunidagi hukmi bilan tayinlangan jarima jazosini Jinoyat Kodeksining 59-moddasi 8-qismi, 61-moddalariga asosan mazkur hukm bilan tayinlangan jazoga to‘la qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil jazo tayinlashni lozim topdi.

Sud, F.Ismatovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168-moddasi 2-qismining “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi va O‘zbekiston Respublikasi JKning 59-moddasi 8-qismi, 61-moddalari tartibida, jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining 2018 yil 27 oktyabrdagi hukmi bilan tayinlangan eng kam oylik ish haqining 420 (to‘rt yuz yigirma) baravari miqdorida, 62.905.500 so‘m jarima jazosining to‘lanmagan qismini ushbu hukm bilan tayinlangan jazoga to‘la qo‘shish yo‘li bilan, uzil-kesil eng kam oylik ish haqining 420 (to‘rt yuz yigirma) baravari miqdorida 62.905.500 so‘m jarima jazosi va ish haqining 20 (yigirma) foizini davlat daromadi hisobga ushlab qolgan holda, qamoqda saqlangan har bir kunini hisoblab, 1 (bir) yil 7 (etti) oy 3 (uch) kun axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

N.Sharopov, Jinoyat ishlari bo‘yicha  Buxoro shahar sudi raisi                                                         

Kiritildi: 16:33 30.05.2019. O'qildi: 1275 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!