Bugun 24 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

Bo‘ritosh Shodiyeva Islom Karimovning maxfiy topshirig‘ini nihoyat ochiq aytdi

Bo‘ritosh Shodiyeva Islom Karimovning maxfiy topshirig‘ini nihoyat ochiq aytdi

O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati Uzun va Saraosiyo tumanlari Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lgani uchun ham o‘z vaqtida xavfli hududlardan biri sanalgan. 2000-yillarda bu yerlarda sodir bo‘lgan voqealar unutilganicha yo‘q. Boshboshdoqlik shu darajaga yetib borganki, mamlakatga bu hududlar orqali giyohvand moddalar kirib kelgan, qurollangan kimsalar O‘zbekistonda terroristik harakatlarni amalga oshirish uchun aynan Saraosiyo va Uzundagi qishloqlarga joylashishgan.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti o‘sha vaqtdagi mavjud tahlikali vaziyatni o‘rganish va uni bartaraf etish uchun zarur choralarni ko‘rgani ma’lum. U bu ishni amalga oshirishda, oddiy va xalqchil yo‘llardan foydalan. Terrorchilar joylashib olgan hududlarga Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bo‘ritosh Shodiyevani shifokor libosida yuborishi va unga alohida topshiriq berishi ham buning yaqqol isboti. Bo‘ritosh Shodiyeva O‘zA muxbiri bilan suhbatda o‘sha vaqtda o‘ziga topshirilgan maxfiy topshiriq haqida gapirib berdi. 

*-*-*-*-*-*-*

U vaqtda men ... vazifasida ishlardim. Bir kuni O‘zbekiston birinchi Prezidenti Islom Karimov huzuriga chaqirib, Surxondaryoning Uzun va Sariosiyo tumanlarida g‘araz niyatli kimsalar paydo bo‘la boshlagani to‘g‘risida tashvishlanib gapirib qoldilar.

Hayron bo‘ldim, axir men ayol kishiman, bunday xatarli yumushga qanday aloqam bor ekan? Nechun aynan menga so‘zlab beryapti? Shunday savollar ko‘nglimdan o‘tarkan, Prezidentga yuzlandim.

– U yerga borish kerak. Hech kimda shubha tug‘dirmay bemalol kirish lozim. Shundagina gazandalarning qanchaligini, qanday qurollarga ega ekanligini, yana qaysi qishloqlarda odamlari borligini bilib olamiz.

– Ayol kishi begona qishloqqa qanday kirishi mumkin? Faqat shifokor bo‘lib.

– Ha, dilimdagini topding. Kallang ishlaydi, Bo‘ritosh Aminovna! – Prezident birinchi marta menga rasmiy murojaat qilayotgan edi. G‘alati bo‘lib ketdim. Gaplarini diqqat bilan tinglay boshladim.

– To‘g‘ri aytding, Uzun va Sariosiyoga “shifokor” bo‘lib kirib borasan. Yoningga uch-to‘rtta o‘zingga ishongan ayollarni olgin-da, borib qishloq ayollarini ko‘rikdan o‘tkaz. Agar yanglishmasam, fors tilini yaxshi bilasan. Shuning uchun butun diqqat- e’tiboring qishloqdagi begona odamlarda bo‘lsin. Ular nima ish bilan band, bir-birlari bilan nima haqida gaplashyapti, hammasini bilishim kerak. Tushundingmi, bu juda muhim topshiriq. Senga ishonganim uchun ham aytyapman, bu gaplarni.

Prezidentning tashvishini to‘g‘ri tushunardim. Yurtimizga suqilib kirmoqchi bo‘lgan har qanday yovuz niyatli maxluqlar u kishini qattiq ranjitar edi. Jangarilar tinch aholiga tashvish keltirishi, farovonlikka raxna solishi aniq edi. Toshkentdagi qo‘poruvchilik jinoyatlari tufayli qanchadan-qancha begunoh yurtdoshlarimiz nobud bo‘lganiga hali uncha ko‘p vaqt bo‘lmagan edi. Nahot, endi Surxondaryoda davlatimizga tashvish tug‘diradigan kunlar boshlangan bo‘lsa?!

Shunday qilib, mamlakatimizning janubiga otlandim. Hamshiralikdan xabarim borligi uchun “shifokor” roliga kirish menga unchalik qiyinchilik tug‘dirmadi. Qishloqma-qishloq yurib, xotin-qizlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkaza boshladik. Biroq begona kishilar bizga shubha bilan qarashar, har bir bosgan qadamimizni erinmay kuzatishar edi. Bo‘ynigacha soqol qo‘ygan, paxmoq sochli kishilarning ayrimlari, hatto, beva ayollarga uylanib ham olgan ekan. Ular xotinlarini tekshirishga qo‘yishmas, bizga qattiq qarshilik ham qilishardi. Shunday janjallarning birida barzangi bir kishi qarshimga keldi-da, ikki qoshimning o‘rtasiga musht tushirdi. O‘zimni eplolmay orqaga yiqildim. Burnimdan tirqirab qon keldi. Biroq shafqat nima ekanligini bilmaydigan kimsa, bunga parvo ham qilmadi. Aksincha, to‘pponchasini peshonamga tirab, agar yana bir marta ayoliga so‘zimni o‘tkazadigan bo‘lsam, u shartta otib tashlashini aytib, dag‘dag‘a qildi. Menga xuddi shu bepisandlik bilan qilingan sovuq munosabat qattiq ta’sir qildi. Kim bu yerda xo‘jayin? Kelgindi kimsalarmi yoki shu yurtning fuqarosi bo‘lgan bizlarmi? Ikkita qishloqni ko‘rib ortga qaytmoqchi edim, ammo yuragimda tug‘ilgan nafrat meni oxirigacha kurashga chorladi. Sariosiyoning deyarli barcha qishloqlarini ko‘zdan kechirib chiqdim. Tunlari uyqum kelmay o‘t-o‘lanlar orasida, derazalarning tagida begonalarning gap-so‘zlariga quloq tutdim. Har bir ko‘rgan va eshitganlarimni eslab qolishga harakat qildim. Qurol-yarog‘i saqlanadigan xonadonlargacha bilib oldim. Kelasi oy yana ancha odamlar kelishidan ham xabar topdim. Ba’zi ayollarni gapga solib, kelgindilarning nima ish bilan shug‘ullanayotganliklarini, yashirin reja tuzayotganliklarini taxminan bilganday edim. Ayol dardini ayol tushunadi deganlariday, ularni qiynayotgan muammolari haqida tinimsiz so‘zlay boshladim. Keyingi paytlarda nima uchun nogiron bolalar tug‘ilishi ko‘payib ketayotgani tashvish bilan gapirdim, xuddi o‘z opa-singillarimday yaqin oldim. Hatto ko‘z yoshi ham qilib oldim. Bu harakatlarim besamar ketmadi. Dardi ichida ayollarning ba’zilari qishloqlarda giyohvand moddalar bilan savdo qiluvchilar ko‘payib ketayotgani, hatto, ba’zi erkaklar ana shu zormandadan iste’mol qilayotganliklarini tashvish bilan gapirib berishdi. Giyohvand moddalar qayerdan kelyapti, degan savolimga esa Afg‘onistondan o‘tayotgan qoramollarni tekshirish kerakligini aytishdi. Ha, onalar barcha qiyinchiliklar, ko‘rgiliklarga chidashi mumkin, ammo norasidalarining kelajagi haqida gap ketganda jim turisholmaydi. Buni faqat ona sifatida anglash va tushunish kerak.

Prezident bu ishga meni tanlaganda ana shularni nazarda tutgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim va barcha ma’lumotlarni Bosh qo‘mondonga yetkazdim. Shunday qilib, jangarilar bilan olib borilgan jang uzoqqa cho‘zilmadi. Giyohvand moddalarning yo‘li qirqildi. Bor gap, shu xolos. Buni qahramonlik deyish shart emas. Mening o‘rnimda boshqa ayol bo‘lganda ham xuddi shunday qilgan bo‘lardi. Vatanni asrab qolish uchun bor bilim va salohiyatini ishga solardi.

Manba: qalampir.uz

Kiritildi: 20:29 18.07.2019. O'qildi: 8971 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!