Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga jinlar hay’ati kelganda: «Ey Allohning Rasuli, ummatingizni suyak, tezak va ko‘mir bilan istinjo qilishdan qaytaring. Alloh bizning rizqimizni o‘shalarda qilgan», deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarni o‘sha narsalardan qaytardilar».
Imom Abu Dovud rivoyat qilgan.
Jinlar turli shakllarga, masalan, ilon shakliga kirish imkoniga egadir.
Bu haqiqat hadisi shariflarda sobit bo‘lgan.
Bir rivoyatda:
«Madinada jinlardan bir guruhi Islomga kelgan edi. Kim ushbu uylarda yashovchi(ilon)larni ko‘rsa, uch marta izn bersin. Agar undan keyin ham ko‘rinsa, o‘ldirsin! Chunki u shaytondir», deyilgan.
Boshqa bir rivoyatda:
«Albatta, bu uylarning obod qiluvchilari bordir. Ulardan birortasini ko‘rsangiz, uni uch marta ogohlantiring. Ketsa, ketdi, bo‘lmasa, o‘ldiring, chunki u kofirdir», deyilgan.
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan.
Qadimda kishilar yashaydigan uylar tabiiy holatga juda yaqin bo‘lgan. Oddiy va sodda bo‘lishi bilan birga, atroflari berkitilmagan. Shu ma’noda turli jonivorlarning kirib-chiqishi, ba’zilarining devorlar orasida, shiftda yoki boshqa joylarda yashab qolishi ham oddiy va tabiiy bir holat bo‘lgan. Yaqin-yaqinlargacha bu holat odatiy edi. Hozir ham ba’zi chet joylarda shunday holat bo‘lishi mumkin. Ushbu hadisda ana o‘sha holdagi ilonlarga bo‘ladigan munosabat haqida so‘z ketmoqda.
Nima uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uylarda bo‘ladigan ilonlarni avval uch marta ogohlantirishga amr qildilar? Bu savolga rivoyatning oxirida kelgan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning quyidagi so‘zlari javob bo‘ladi:
«Madinada jinlardan bir guruhi Islomga kelgan edi. Kim ushbu uylarda yashovchi(ilon)larni ko‘rsa, uch marta izn bersin. Agar undan keyin ham ko‘rinsa, o‘ldirsin! Chunki u albatta, shaytondir».
Demak, Madinada Islomga kelgan jinlar ilon shaklida ba’zi bir uylarda paydo bo‘lishi mumkin ekan. Ilonni uyda ko‘rgan odam uni darhol o‘ldirsa, o‘sha musulmon jinlardan birini o‘ldirib qo‘yish ehtimoli bor ekan. Agar inson ilonni uyda ko‘rganidan keyin ogohlantirsa, o‘sha ilon musulmon jin bo‘lsa, u yerdan ketar, qaytib ko‘rinmas ekan. Ammo uch marta ogohlantirganidan keyin ham kelaversa, musulmon jin emas, haqiqiy ilon bo‘lar va uni o‘ldirish joiz ekan.
Uyda bo‘ladigan ilonlardan ikki xilini: dumi kesik va ortida ikki qora chizig‘i borini ogohlantirmay o‘ldiraverishga ijozat berilgan. Buning nima hikmati bor? Aftidan, musulmon jinlar o‘sha vasfga ega ilon shakliga kirmasalar kerak. Qolaversa, mazkur ilonlarning bu ikki turi ko‘zni ko‘r qiladi, homilani tushiradi. Ular o‘ta zaharli, tezkor va odamga hamla qiladigan bo‘lib, insonning ko‘ziga qarab sapchir, ehtiyot bo‘lmagan odamning ko‘zi zarar ko‘rishi mumkin ekan. Shuningdek, u ilonlarning dahshatidan qo‘rqqan homilador ayollarning homilasi tushish ehtimoli ham kuchli ekan.
Manba: islom.uz