Bugun 11 fevral, 2025 yil, seshanba

КИР

Xalq deputatlari Chilonzor tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi

Xalq deputatlari Chilonzor tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi

Xalq deputatlari Chilonzor tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiya doirasida Chilonzor tumani hokimi Shavkat Mavlonovning 2021 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari hamda 2022 yildagi rejalarga bag‘ishlangan murojaati e’lon qilindi.

"Assalomu alaykum, hurmatli deputatlar, yig‘ilish ishtirokchilari, tumanimiz faollari.

Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar!

Joriy yil, o‘tgan yilgi yo‘qotishlarni o‘rnini to‘ldirish va ikki karra mas’uliyatni oshirish yili bo‘ldi desak xato qilmagan bo‘lamiz.

Shu bois, bugun Sizlar bilan birgalikda 2021 yil uchun belgilab olingan vazifalarimiz ijrosi, erishilgan natijalar va kelgusi yilgi ustuvor yo‘nalish hamda vazifalarni belgilab olishimiz lozim.

Hamma mutassaddi rahbarlar bir haqiqatni tushunishi kerak, islohotlarning amaliy natijadorligini oshirish, joylarda yangi tashabbuslarni ilgari surishda aholining yanada faolroq, yanada tashabbuskor bo‘lishi biz uchun juda muhim.

Eng asosiysi, bu islohotlar natijasida tumanimiz aholisi uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishimiz kerak. Odamlarimiz yetarli daromad topishi uchun eng qulay biznes va investisiya muhitini shakllantirib, yangi-yangi korxonalar va ish joylarini ko‘paytirishimiz zarur.

Bu borada Davlatimiz rahbari tomonidan ishlarni “Mahallabay” tashkil etishda olib borayotgan islohotlari:

Jumladan, joriy yil “Obod - mahalla va obod - xonadon” dasturi asosida har bir mahallada obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari uchun 2 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilishi;

“Zamonaviy mahalla” dasturi asosida har bir mahalla idoralarini qurish va rekonstruksiya qilish;

Mahalla fuqarolari raislari faoliyatini reyting baholash orqali rag‘batlantirish tizimi joriy etilganligi;

Har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash bo‘yicha tuman hokimi yordamchisi hamda yoshlar masalalari bo‘yicha shahar hokimining vakili – yoshlar yetakchisi lavozimlari joriy etilganligi har bir mahalla misolida yaqqol na’muna bo‘la oladi.

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

Yoshlar bandligini ta’minlash va ularning muammolarini hal etish hamda kambag‘allikni qisqartirish, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga to‘htalib o‘tsam.

Tumanda yil boshida 526 ta ehtiyojmand oilalar ro‘yxati – “Temir daftar”da mavjud bo‘lgan bo‘lsa:

“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yil boshidan mazkur oilalar uchun jami 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar ajratilib, joriy yil boshidan temir daftarga kiritilgan oilalarga moddiy va huquqiy yordam berilishi natijasida 119 ta oila (313 nafar oila a’zolari) “Temir daftardan” chiqarildi.

Shuningdek:

- 140 ta oilalarga 70 mln so‘mlik oziq-ovqat jamlanmalari;

- 1 ta oilaga uyini ta’mirlash uchun 30 million so‘m;

- 3 nafar fuqaroga dori-darmon olish uchun 28 million so‘mlik;

- 455 ta oilaga 565 million so‘mlik bir marotaba moddiy yordam;

- 24 nafar fuqarolarga 295 million so‘mlik jarrohlik amaliyoti uchun moddiy yordamlar ajratildi.

Har bir mahalla fuqarolar yig‘inida yoshlar va ayollar daftariga kiritilganlar bilan birma-bir muloqot qilish, ularning ehtiyojlarini aniqlash, dardu-tashvishini, taklif va qiziqishlarini hamda mahalladagi aniq holatni o‘rganish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan 5 ming 724 nafar xotin-qizlarning muammolari tizimli ravishda hal etildi.

Jumladan, 393 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi, 97 nafar kasb-hunarga o‘qitildi, 91 nafari tadbirkorlikka jalb etilib, ularga imtiyozli kreditlar ajratildi.

1 ming 99 nafar xotin-qizlarga moddiy yordam ajratildi, 379 nafariga manzilli tibbiy yordam hamda

1 ming 246 nafariga huquqiy va 1 ming 178 nafariga esa psixologik yordam ko‘rsatilib, bu ishlarga 8 mlrd 655 million so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirildi.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 11 martdagi 132-son hamda 28 apreldagi 250-son qarorlariga muvofiq,

“Yoshlar daftari”ga jami 2 ming 584 nafar yoshlar kiritilib, shundan: 2 ming 386 nafari (93%) “Yoshlar daftari”dan chiqarildi. Bugungi kunda “Yoshlar daftari”da mavjud yoshlar soni 198 nafarni tashkil etmoqda.

Shuningdek, joriy yilda tumanda yoshlarga oid davlat siyosatini sifatli amalga oshirish va yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish natijasida

1 ming 802 nafar yoshlarning bandligi ta’minlandi.

Shundan, 583 nafar yoshlar doimiy ish bilan ta’minlandi, 322 nafari kasb-hunarga, 274 nafari tadbirkorlikka o‘qish uchun yo‘naltirildi.

202 nafar yoshlar o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularga muayyan yo‘nalishda faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun amaliy yordamlar ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, 104 nafar yoshlarga imtiyozli kreditlar olishga ko‘maklashildi.

2021 yil davomida “Yoshlar jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 388 nafar yoshlarga 1 mlrd. 983 ming. so‘m miqdorida ijtimoiy-iqtisodiy yordamlar ko‘rsatildi.

Jumladan, 135 nafar yoshlarga 209 million so‘m miqdoridagi bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi,

29 nafariga 58 million so‘m miqdorida tadbirkorlik, kasb-hunar, haydovchilik va qayta tayyorlov kurslari uchun mablag‘lar ajratildi, 108 nafar yoshlarga 1 mlrd. so‘m miqdorida o‘zini-o‘zi band qilgan yoshlarga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar olib berildi.

83 nafar “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar, shuningdek “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga

461 million so‘m miqdoridagi to‘lov-kontrakt pullari to‘lab berildi, 28 nafar “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning 114 million so‘m miqdoridagi safarbarlik chaqiruvi rezervi badallari to‘lab berildi.

“Beshta muhim tashabbus” doirasidagi tadbirlarga esa jami 2 milliyard 533 million so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari sarflandi.

Hurmatli tumanimiz faollari, tumanda jami 80 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lib, shundan:

57 ta davlat va 23 ta xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda.

Mazkur yilda bog‘chalarda qamrov darajasi 92 foizni tashkil etib, tumanda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tizimi quvvati 15 ming 601 o‘rinni tashkil etmoqda.

Tuman maktabgacha ta’lim bo‘limida 2021 yil davomida “Obod mahalla” davlat dasturi doirasida 27 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari kapital ta’mirlanib, ularga

11 milliyard 100 million so‘m miqdorida pul mablag‘lar ajratildi.

Tuman Xalq ta’limi bo‘limi tasarrufida

32 ta umum-ta’lim, 4 ta ixtisoslashtirilgan umum-ta’lim maktablari, 2 ta maxsus maktab-internatlari va 6 ta nodavlat umum-ta’lim maktablari faoliyat yuritmoqda.

Mazkur umum-ta’lim maktablarda jami 47 ming 394 nafar o‘quvchilar tahsil olishmoqda.

Tumanda jami 2 ming 513 nafar pedagog xodimlar faoliyat ko‘rsatib, shundan: pedagog xodimlarning

2 ming 447 nafari (98%) oliy, 34 nafari o‘rta-maxsus ma’lumotli o‘qituvchilarni tashkil etadi.

Umumta’lim maktablarda jami 329 ta yangi to‘garaklar faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilib, ularga

3 ming 803 nafar o‘quvchi-yoshlar qamrab olindi.

2020-2021 o‘quv yilida jami 2 ming 950 nafar bitiruvchilar mavjud bo‘lib, shundan 1 ming 955 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi, 98 nafari kollej va texnikumlarda tahsil olmoqda,11 nafari harbiy xizmatga va 35 nafari chet elga ketgan, 16 nafari turmushga chiqqan,

693 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan holda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar, 133 nafari norasmiy sektorda bandligi ta’minlanganlarni tashkil etmoqda.

Joriy yilda tumanda 1 ming 543 ta madaniy, ma’naviy va mafkuraviy immunitetni oshirishga qaratilgan tadbirlar tashkillashtirilib, ularga 278 ming 500 nafar yoshlar qamrab olindi.

2021 yil davomida tumandagi mahallalarda jami

223 marotaba “Hokim va yoshlar”, “Sektor rahbari va yoshlar” uchrashuvlari o‘tkazilib, ularda 5 ming 380 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdilar.

O‘tkazilgan uchrashuvlarda yoshlar tomonidan jami 838 ta turli murojaatlar ko‘tarilgan bo‘lib, ularning 623 tasi (75%) joyida hal etildi, 64 tasiga huquqiy tushuntirishlar berilgan bo‘lsa,

151 tasi “Yo‘l xaritasi”ga kiritilib, bugungi kunda mazkur muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Hurmatli deputatlar!

Tuman hududida sog‘liqni saqlash tizimidagi 8 ta tibbiyot muassasalari tuman aholisiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Tumanda koronavirusga qarshi emlanishi rejalashtirilgan aholi soni 173 ming 260 nafarni tashkil etib, bugungi kunda emlash ishlari yakunlanmoqda.

Tuman mahalliy byudjetining 2021 yil byudjet parametrlari doirasida 34-oilaviy poliklinikani kapital ta’mirlash ishlari uchun 1 mlrd. 875 million so‘m, 35-sonli oilaviy poliklinikaning kapital ta’mirlash uchun

1 mlrd. 740 million so‘m va 39-sonli oilaviy poliklinikaning kapital ta’mirlash uchun 1 mlrd. 696 million so‘m mablag‘lar ajratildi.

Ko‘rikdan o‘tkazilgan aholining rejali stasionar sharoitda davolash va sog‘lomlashtirish ishlarini olib borish uchun Respublika va shahar tibbiy muassasalariga tumanimizning

3 ming 483 nafar fuqarolariga yo‘llanma-orderlar berildi.

Shuningdek, 54 ming 629 nafar 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar to‘liq chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

Chilonzor tumanida 14 ming 360 ta tadbirkorlik sub’ektlari ro‘yxatga olingan bo‘lib, shundan 13 ming 835 tasi kichik biznes sub’ektlarini va 5 ming 600 tadan ortiq yakka-tartibdagi tadbirkorlik sub’eklari hiosblanadi.

2021 yilda kichik biznes sub’ektlarini tashkil etish rejasi 2 ming 25 ta bo‘lib, hozirgi kunda rejaga nisbatan 116 foizga bajarildi.

2021 yilning yanvar-noyabr oylari mobaynida 1 ming 927 ta yangi kichik biznes sub’ektlari tashkil etilgan bo‘lsa, ushbu davrda 298 ta sub’ektlar tugatilgan bo‘lib, 2021 yil 1 noyabr holatiga faoliyat ko‘rsatmayotgan kichik korxonalar soni

525 tani tashkil etmoqda.

2021 yil yakuni bilan makro iqtisodiy ko‘rsatkichlar bajarilishiga to‘zxtalib o‘tadigan bo‘lsam,

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi–

7 trln 400 mlrd so‘mni, o‘sish sur’ati – 120 foiz, shu jumladan hududiy sanoat 6 trln 835 mlrd so‘m;

Pudrat – qurilish ishlari hajmi– 1 trln 660 mlrd so‘mni, o‘sish sur’ati – 114 foizni;

Chakana tovar aylanmasi – 7 trln 939 mlrd.so‘mni, o‘sish sur’ati 114 foizni;

Jami xizmatlar hajmi – 11 trln 633 mlrd.so‘mni, o‘sish sur’ati 111 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Tumanda 2 ming 113 ta sanoat korxonalari faoliyat yuritib kelmoqda. Shundan 10 tasi yirik sanoat korxonalari hisoblanadi.

Tumanda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda "MASTER PACK" MCHJ - boshqa tumanga ko‘chirib o‘tganligi sababli, ishlab chiqarish xajmlari kamaygan.

Xizmat ko‘rsatish sohasida 17 ta korxona tomonidan o‘tgan yilga nisbatan 155 mlrd so‘mga xizmat ko‘rsatish xajmi kamaygan.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari asosida jami 604 ta loyihaga 27 mlrd. 100 million so‘m kredit ajratildi.

Shundan,

- “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida

367 ta loyihaga 17 mlrd 400 million so‘m;

- “Ayollar tadbirkor” dasturi asosida

129 nafar ayollarga 4 mlrd so‘m;

- “Yoshlar tadbirkor” dasturi asosida

106 nafar yoshlarga 5 mlrd 600 million so‘m kreditlar ajratilib, jami bu yo‘nalishda 907 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.

Tuman mahalliy byudjeti 77 mlrd. 100 million so‘m belgilangan reja 107 mlrd. 300 million so‘mga ya’ni

139 foizga yoki 30 mlrd. 100 million so‘mga ortig‘i bilan bajarildi.

Hurmatli tumanimiz faollari!

Aholi bandligini ta’minlashda tumandagi 1 ming 250 ta ko‘p qavatli uylarning yer to‘lalari xatlovdan o‘tkazildi, ularning 237 tasining yerto‘lasi foydalanish uchun yaroqliligi aniqlandi.

Bungungi kunda ushbu yerto‘lalarning 48 tasida tadbirkorlik yo‘lga qo‘yilib, 176 tadan ziyod ish o‘rinlari tashkil etildi.

Bandlik bo‘limida mavjud bo‘lgan bo‘sh ish o‘rinlari

1 ming 864 tani tashkil etadi. Shu bilan bir qatorda, aholini uyiga yaqin mahallalarda joylashgan 167 ta korxonada 1 ming 584 ta bo‘sh ish o‘rinlari mavjud.

Aholi bandligini ta’minlashda birinchi etiborni mavjud imkoniyatlarga qartilmoqda.

Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha tumanda jami 603 nafar fuqaro va tadbirkorlik subektlariga 27 mlrd 100 mln so‘m kredit ajratilib, 907 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlandi.

Chilonzor tumani Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 1 ming 947 nafarni (shundan, 1 ming 67 nafar ayollar, 918 nafar 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar)ni tashkil qildi.

Ushbu fuqarolarning 1 ming 481 nafariga ishga joylashish uchun yo‘llanma berilib, shundan, 637 nafari ishga joylashtirildi va 338 nafar fuqarolar mono-markazlar qayta kasbga tayyorlash markazlarida o‘qitildi.

Xabaringiz bor, bu yil “Obod mahalla” dasturi doirasida Chilonzor tumani mahallalarida ham ko‘plab ishlar amalga oshirildi.

Albatta amalga oshirilgan ishlarning pirovard maqsadi xalqning farovon yashashi uchundir. “Obod mahalla” dasturi doirasida bajarilgan ishlarga to‘xtalib o‘tsak, tumanda jami 598 ming 788 kvadrat metr asfalt qilish ishlari amalga oshirildi.

Massivlar orasiga 121 ta bolalar maydonchasi,

106 ta strit-vorkaut (Street workout) va sport maydonchalari o‘rnatildi.

Tumanda joylashgan jami 1 ming 231 ta ko‘p qavatli uylarning 100 tadan ortig‘ida fasad qismini ta’mirlash,

19 ming 500 kvadrat metr tom qismini joriy ta’mirdan chiqarish ishlari amalga oshirildi.

Hurmatli deputatlar va faollar!

Joriy yilda amalga oshirgan ishlarimizni tanqidiy tahlil qilib, boshqaruv tizimi sifatini oshirishda Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak degan asosiy tamoyilni amalda to‘liq ta’minlash bo‘yicha hali ko‘p ish qilishimiz zarur.

Buning uchun, avvalambor, tashabbuskor islohotchi bo‘lib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalashimiz zarur.

Shuning uchun ham bog‘chadan boshlab oliy o‘quv yurtigacha – ta’limning barcha bo‘g‘inlarini isloh qilinishiga barcha kuchimizni safarbar qilishimiz zarur.

Shu sababli hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak.

Endi 2022 yilda ijtimoiy-iqtisodiy sohasida amalga oshirish zarur bo‘lgan dasturiy va maqsadli vazifalarga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Bugungi kunda tumanda xizmatlar sohasining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 65 foizni tashkil etadi.

Vaholanki, xorijiy mamlakatlarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 60 foizga to‘g‘ri keladi.

Tumandagi mavjud tadbirkorlik sub’ektlarini sog‘lomlashtirish, kreditlar berish, kredit ta’tillari berish, soliq imtiyozlari berish, infrastruktura va kommunikasiyasini yaxshilashda yordam berish hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali hududdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlashga erishish pirovard maqsadimiz bo‘lib qoladi.

Mahsulotlarimizni ichki va tashqi bozorlarga yetkazish, ularning tannarxini tushirish uchun transport-logistika sohasini rivojlantirishimiz zarur.

Kelasi yilda har bir mahallaga tayinlangan hokim yordamchilari faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘yish, barcha muammoni mahallaning o‘zida hal etish, bir so‘z bilan aytganda tumandagi 51 ta mahallalarda hokimiyat markazlarini tashkil etish orqali tumandagi barcha aholini qamrab olishni bosh maqsad qilib oldik.

Iqtisodiyotni yuqori sur’atlar bilan rivojlantirish uchun faol investisiya siyosatini izchil davom ettirish zarur.

2022-2026 yillarda tumanda jami 13 trln 100 million so‘mga teng shundan, 418 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiya bo‘lgan 163 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan hamda mazkur loyihalar doirasida

21 ming 2 nafar yangi ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Jumladan, 2022 yilda 5 trln 4 milliard so‘mlik investisiyalar o‘zlashtirilishi hamda 35 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.

Jumladan, "YUNUSOBOD BUILDING " MCHJning “Turar joy majmuasini qurish”, “CARDIO STAR PLUS "MChJning “Tibbiyot muassasasini tashkil etish” loyihalari ishga tushirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Investisiya jalb etishning samarali vositalaridan biri bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini transport, energetika, yo‘l, kommunal, tibbiyot, ta’lim kabi sohalarga keng tatbiq etish kerak.

Sohani rivojlantirish bo‘yicha ishlatilmagan zahiralar juda katta. Shu bois, xizmatlar sohasining strategik yo‘nalishlarini, bu borada tuman mutasad-dilarining kelgusi yildagi xizmatlar hajmini keskin oshirishimiz kerak bo‘ladi.

Barqaror iqtisodiy o‘sishning eng muhim garovi – raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish, ular uchun yangi xalqaro bozorlar topish va eksportni ko‘paytirish, tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanish hisoblanadi.

Bundan tashqari yoshlar bilan ishlash borasida ham bir qator rejalarni maqsad qilib qo‘ydik. Xususan, 2022 yilda yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimi yanada samarali va sifatli tashkillashtirilishi rejalashtirilib, ishlarni “xonadonbay” tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 2022 yil davomida “Yoshlar jamg‘armasi” mabalag‘lari hisobidan 850 nafardan ortiq yoshlarga

6 mlrd. 400 million so‘mdan ziyod iqtisodiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatilishi rejalashtirilgan.

Kelgusi yilda ijtimoiy sohada ham qator ishlar amalga oshiriladi. Jumladan,

3 ta umum-ta’lim maktablarni kapital ta’mirlash va qo‘shimcha 3 ta umum-ta’lim maktabiga qo‘shimcha bino barpo etish;

“Katta-Qozirobod” mahallasidagi 33-sonli poliklinikani mukammal ta’mirlash, uning filialini barpo etish va zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, shuningdek, 3 qavatli

20-b umumiy yotoqxonani mukammal ta’mirlash va asosiy oilaviy poliklinika sifatida foydalanishga topshirish;

“Bektupi” mahallasidagi 38-sonli oilaviy poliklinika binosini joriy ta’mirlash hamda zarur mebel jihozlari, tibbiy uskunalar, yumshoq va qattiq mebel jihozlari bilan ta’minlash;

“1-Qatortol” mahallasi hududida joylashgan

7-sonli tug‘ruq kompleksi binosini kapital ta’mirlash;

“2-Charx Kamolon” mahallasi hududidagi 36-son oilaviy poliklinika binosini joriy ta’mirlash, raqamli rentgen apparati, fizioterapiya apparati, yumshoq va qattiq mebel jihozlari bilan ta’minlash;

“2-Katta Chilonzor” mahallasi hududida joylashgan

34-sonli oilaviy poliklinikani zarur tibbiy anjomlar,

UZI va fizioterapiya apparatlari, yumshoq va qattiq mebel jihozlari bilan ta’minlash;

“Do‘mbirobod” mahallasi hududidagi tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi binosini kapital ta’mirlash kuzda tutilgan.

Shu bilan birga, tuman tibbiyot muassasalari tomonidan “Sog‘lom turmush tarzi” shiori ostida har bir mahallalarda chuqurlashtirilgan bepul tibbiy ko‘riklar va sog‘lom turmush tarziga rioya etilishi bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib boriladi.

Chilonzor tumani hokimligi ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, bloggerlar tomonidan tumanimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarish va yangilanish jarayonlarini har tomonlama tahlil qilib, joylardagi ijtimoiy muammolar, xato va kamchiliklarni davlat idoralari va jamoatchilik e’tiboriga yetkazishidagi faoliyatini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi hamda keyingi yilda ham ushbu ishlarni yanada jadalllashtirish yo‘lidan boradi.

Aziz do‘stlar!

So‘nggi yillarda yurtboshimizning oqilona siyosati bilan mamlakatimizda progressiv o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda.

Barcha deputatlarimizga, ular orqali tumanimiz aholisiga murojaat qilib aytmoqchiman – Davlatimiz Rahbari ta’kidlaganlaridek, demokratik islohotlar yo‘li – biz uchun yakkayu yagona va eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Bu borada biz har kuni izlanishimiz, ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganib, hayotimizni, ish uslubimizni yangilashga harakat qilishimiz lozim.

Oldimizda bizni ulkan vazifalar, katta imkoniyatlar kutmoqda.

Biz – hech qachon mehnatdan qochmaydigan, qiyinchilikdan qo‘rqmaydigan, adolatni qadrlaydigan, azmu shijoatli buyuk xalqmiz.

Barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, yakdil va ahil bo‘lib harakat qilsak, halol-pok bo‘lib, yaxshi niyat bilan mehnat qilsak, har qanday marralarni egallashga imkonimiz mavjud.

Darhaqiqat, Davlatimiz Rahbari boshchiligida boshlagan barcha xayrli ishlarimiz, albatta ijobat bo‘ladi.

So‘zim yakunida barchangizga oilaviy baxt va saodat, sihat-salomatlik, cheksiz kuch-g‘ayrat, yutuq va omadlar tilayman.

Doimo sog‘-omon bo‘linglar!

E’tiborlaringiz uchun raxmat!"

Kiritildi: 10:08 18.12.2021. O'qildi: 2902 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!