Yaqinda Vladimir Putin Rossiya uchun AQSh prezidentligi lavozimida Tramp emas, balki Baydenning qolishi foydaliroq ekanligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Jo Bayden o‘z bayonoti bilan uning ushbu gaplariga ayni kerakli — "adekvat reaksiya" bildirdi.
Putin VGTRK muxbiri Pavel Zarubinga bu borada shunday dedi:
"Biz siz bilan bu haqda yaqinda gaplashgandik, siz mendan AQShning bo‘lajak prezidenti sifatida kimni afzal ko‘rishimni so‘ragandingiz. Men o‘shanda, har qanday prezident bilan ishlashga tayyorligimizni, lekin biz, ya’ni Rossiya uchun — aynan Bayden nomzodi afzalroq ekanligini aytdim.
Va uning hozirgi gaplariga qarab aytishim mumkinki, men mutlaqo haq edim. Tushunaman, u hech qachon menga: "Volodya, rahmat senga, menga ko‘p yordam berding", — deb ayta olmaydi. Men ham o‘z navbatida o‘sha fikrimni amerikaliklar uchun emas, balki o‘z tomoshabinlarimiz uchun aytgan edim", — deya ta’kidladi Putin.
Putin, so‘zini yakunlar ekan, Rossiya uchun Trampdan ko‘ra Baydenning AQSh prezidenti bo‘lib qolishi foydaliroq ekanligi to‘g‘risidagi fikrini o‘zgartirmasligini qo‘shimcha qildi.