Buyuk Britaniyaning janubiy sohili yaqinidagi Uayt orolida sayyohlik vertolyoti qulashi oqibatida uch kishi vafot etdi, yana bir kishi og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan. Bu haqda Sky telekanali xabar bermoqda.
“Bugun ertalab Uayt orolida yuz bergan vertolyot halokati natijasida uch kishi halok bo‘ldi. Vertolyotda jami to‘rt kishi bo‘lgan, ulardan biri hozirda og‘ir ahvolda shifoxonada davolanmoqda”, deyiladi Xempshir va Uayt oroli polisiyasi bayonotida.
Hozircha halokat sabablari aniqlanmagan. Britaniyaning Aviasiya hodisalarini tekshirish boshqarmasi (AAIB) mahalliy OAVga voqeani o‘rganish uchun maxsus guruh jo‘natilayotganini ma’lum qilgan.
Keyinroq vertolyot operatori, sayyohlik parvozlari va uchish darslari bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi Northumbria Helicopters kompaniyasi mahalliy OAVga bergan izohida vertolyotda to‘rt kishi bo‘lganini tasdiqlagan. Shuningdek, kompaniya halokat yuz bergan paytda vertolyotda uchish darsi o‘tkazilayotganini ham ma’lum qilgan.