Dunyoning eng yirik parranda go‘shti eksportchisi endi Yevropa Ittifoqiga parranda go‘shti va go‘sht mahsulotlarini eksport qila olmaydi. Bunga mamlakatda parranda grippi tarqalishi sabab bo‘lmoqda, deb xabar beradi AZERTADJ.
Bu haqda dushanba kuni Yevrokomissiya ma’lum qildi. Avvalroq, juma kuni Braziliya parrandachilik fermasida gripp epidemiyasi tasdiqlangani haqida xabar bergan edi. Bu yangilik asosiy import qiluvchi davlat Xitoy tomonidan Braziliya bilan savdoni vaqtincha to‘xtatib qo‘yishiga va Yaponiya kabi boshqa yirik bozorlar uchun cheklovlarga olib keldi, deb yozadi Reuters.
— Yevropa Ittifoqiga import talablari eksport qiluvchi mamlakat (Braziliya) yuqori patogen parranda grippidan xoli bo‘lishini talab qiladi, — deyiladi Yevropa Komissiyasi vakilining elektron maktubida.
Braziliya Qishloq xo‘jaligi vaziri Karlos Favaro juma kuni ma’lum qildiki, mavjud protokollarga ko‘ra, Xitoy, Yevropa Ittifoqi va Janubiy Koreya Braziliyadan parranda go‘shti importini 60 kungacha taqiqlaydi.
Biroq, Yevropa Ittifoqi ushbu taqiqning aniq muddatini aniqlamadi. Komissiya Braziliyaning HPAIdan xoli maqomi Rio Grande-du-Sul shtatidagi parrandachilik fermasida aniqlangan epidemiyadan keyin to‘xtatilganini e’lon qildi.
2024 yilda Braziliya 5 million tonnadan ortiq parranda go‘shtini eksport qildi, ularning taxminan 4,4 foizi Yevropa Ittifoqiga to‘g‘ri keldi, deya xabar beradi Braziliya hayvonlar oqsillari assosiasiyasi (ABPA).