Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning Gazeta.uz'ga tasdiqlashicha, bu 4 nafar odamning shaxsiga aniqlik kiritilganida konda ishlagan pudratchi tashkilot xodimlari ekani ma’lum bo‘lgan. Hozirda jabrlanganlar soni aniqlashtirilmoqda.
17 sentyabr kuni Surxondaryoning Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konida sodir bo‘lgan yangi avariya oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgani ma’lum qilindi. Bu haqda Gazeta.uz davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadovga tayanib yozmoqda.
Qayd etilishicha, halok bo‘lganlarning shaxsiga aniqlik kiritilganida ular konda ishlagan pudratchi tashkilot xodimlari ekani oydinlashgan. Hozirda jabrlanganlar soni aniqlashtirilayotgani aytilmoqda.
“Tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan bir nechta jabrlanganlar borligi ma’lum. Ularning barchasini ham kasalxonaga yotqizish zarurati bo‘lmagan. Soat 16:00 holatiga shifoxonada bir nafar ishchi bo‘lgan”, – deyiladi xabarda.
Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyevga hodisa sodir bo‘lishi bilanoq xabar berilgan. U tegishli topshiriqlar berib, real vaqt rejimida vaziyat haqida ma’lumot olmoqda.
Ta’kidlanishicha, hodisa sodir bo‘lgan joyga mas’ul vazirlik va tashkilotlar rahbarlari yetib borgan. Mahalliy tuzilmalarga avariya oqibatlarini bartaraf etishda yordam berish uchun xorijiy mutaxassislar jalb qilingan.
18 sentyabr soat 18:00 da Boysun tumanida bo‘lib turgan favqulodda vaziyatlar va energetika vazirlari tomonidan “M25” konining o‘zida matbuot anjumani bo‘lishi va qo‘shimcha ma’lumotlar berilishi kutilmoqda.