Bugun 25 noyabr, 2025 yil, seshanba

КИР

Bosniya urushida snayperlar orasida nufuzli siyosatchilar ham bo‘lgani iddao qilindi

Bosniya urushida  snayperlar orasida nufuzli siyosatchilar ham bo‘lgani iddao qilindi

Xorvatiyalik tadqiqotchi-jurnalist Domagoy Margetichning ta’kidlashicha, 1992–1995 yillar Bosniya urushi paytida Sarayevoda tinch aholiga qarata o‘t ochganlar orasida yuqori lavozimli, boy va nufuzli siyosiy shaxslar ham bo‘lgan.

Margetichning aytishicha, Italiyadan Sarayevoga maxsus kelib, serb snayperlariga bosniyalik tinch aholini nishonga olish uchun katta miqdorda pul to‘lagan boy ishbilarmonlar yuzlab hujjatlarda qayd etilgan. Milanda olib borilayotgan tergov bu da’volarni qayta kun tartibiga chiqarib, javobgarlikka umid uyg‘otdi.

Jurnalistning iddaosiga ko‘ra, Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich ham Sarayevo qamali paytida harbiylashtirilgan bo‘linma tarkibida bo‘lgan va snayperlar faoliyati bilan bog‘liq hujjatlarda uning nomi uchraydi. Margetich Milan prokuraturasiga Vuchichga qarshi rasmiy ariza berganini ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, 1996 yilda Bosniya razvedkasi xodimi Nedjad Uglen ushbu “snayper jinoyatlari” bo‘yicha tergov boshlagan, ammo tez orada Sarayevoda o‘ldirilgan va ish yopilgan.

Margetichning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab italiyalik ishbilarmonlar, ispaniyalik va shimoliy amerikalik fuqarolar “odam ovlash”da ishtirok etgan bo‘lishi mumkin. Uning aytishicha, Serbiya armiyasining ayrim sobiq ofiserlari Vuchichning Sarayevoda bo‘lganini tasdiqlagan.

Serbiya Tashqi ishlar vazirligi bu ayblovlarni rad etdi, ammo Vuchichning urush paytida Sarayevoda bo‘lgan-bo‘lmagani haqida bayonot bermadi.

Kiritildi: Bugun 13:51. O'qildi: 304 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!