O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 fevraldagi «Farmasevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb yozmoqda O‘zA.
Bosh prokuror O.Murodov boshqargan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.Qosimov, Bosh vazir o‘rinbosari Q.Akmalov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi kengashi raisi K.Rafikov, sohaga aloqador vazirlik va idoralarning rahbarlari, shuningdek ularning quyi tuzilma va tarmoqlari vakillari ishtirok etdi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda farmasevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish, farmasevtika erkin iqtisodiy zonalari faoliyatini tashkil etish, aholini arzon, sifatli hamda zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan kafolatli ta’minlash, ijtimoiy dorixonalarni tashkil qilish borasidagi vazifalar ijrosi tanqidiy muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar bilan bir qatorda, tibbiyot muassasalariga farmasevtika vositalarini yetkazib berish, dorixonalarni ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlash, dori vositalari va tibbiy buyumlar narxlarining barqarorligini saqlash borasida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, «O‘zmedimpeks» davlat unitar korxonasi, «Dori-darmon» aksiyadorlik jamiyati hamda boshqa idoralar va hududiy prokuratura organlari rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
Mutasaddi vazirlik va idoralarning rahbarlariga belgilangan vazifalarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yganliklari ko‘rsatib o‘tilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etmagan taqdirda qat’iy choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu sohaga doir qarorlarida ko‘rsatilgan topshiriqlarning to‘liq va qat’iy bajarilishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha vazifalar belgilab berildi.