“Xalq ta’limi tizimida davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (295-son, 01.06.2022 y.) qabul qilindi.
🔰Qaror bilan quyidagilar bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlari tasdiqlandi:
🔹bolalarni davlat maktablariga qabul qilish hamda o‘quvchilarni bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish;
🔹chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar farzandlarini maktabga qabul qilish uchun arizalar olish;
🔹eksteriat tartibida imtihonlar olish uchun arizalar qabul qilish;
🔹umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi rasmiy davlat hujjatlari dublikatini berish.
⏩ Shunga ko‘ra, har yili 1 maygacha o‘quvchilarni 1-sinfga qabul qilish va bir maktab (sinf)dan boshqasiga o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatiladigan hududlar ro‘yxati tasdiqlanadi va Xalq ta’limi vazirligi rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
❗️1-sinfga bolalar ular 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi.
☑️ Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun ariza beruvchidan yig‘im undirilmaydi.
🗓 Ariza beruvchi mikrohudud bo‘yicha maktabga qabul qilish uchun har yili 20 iyundan 31 iyulgacha YAIDXP (https://my.gov.uz/uz) yoki Xalq ta’limi vazirligining elektron xizmatlar portalida ro‘yxatdan o‘tadi.
🔘 Ariza beruvchining yashash manzili bo‘yicha maktabda tanlagan ta’lim olish tilidagi sinf bo‘lmagan taqdirda, yaqin hududda joylashgan boshqa maktab mikrohudud sifatida biriktiriladi.
✅ So‘rovnoma to‘ldiriladi hamda hududiy xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan 3 ish kunida ko‘rib chiqilib, mikrohudud bo‘yicha maktabga yuboriladi yoki sababi ko‘rsatilgan holda qaytariladi. Bu haqda ariza beruvchilarga xabar yuboriladi.
📋 Ariza beruvchi farzandi bilan birgalikda mikrohudud bo‘yicha yuborilgan maktabga onlayn navbat asosida boradi va bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnomani maktabga taqdim etadi.
❕Maktab qabul komissiyasi tomonidan 1 ish kunida bolani maktabga olish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
🚫 Quyidagi hollarda qabul komissiyasi bolani maktabga qabul qilishni rad etishi mumkin:
▫️tibbiy ma’lumotnomada maktabda ta’lim olish tavsiya etilmagan bo‘lsa;
▫️tanlangan tilda bola boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega bo‘lmasa;
▫️so‘rovnomadagi ma’lumotlar noto‘g‘riligi aniqlansa.
📌 Mikrohududdan tashqaridan bolalar maktabga har yili 1–15 avgust kunlari qabul qilinadi.
⚠️ Mazkur tartib Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi maktablarga nisbatan qo‘llaniladi.