🔬 Saraton — jiddiy xastalik. So‘nggi paytlarda global iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat va ichimlik suvi tarkibida sun’iy qo‘shimchalarning ko‘payishi hamda yashash hududlarida kanserogen moddalarning tarqalishi tufayli bu kasallik nafaqat katta yoshli insonlar, balki bolalar orasida ham ko‘p uchramoqda.
🔎 Mutaxassislar fikricha, xastalik profilaktikasiga oid tadbirlarni samarali tashkil etish va uni erta bosqichlarda aniqlash orqali minglab bemorlarni sog‘lom hayotga qaytarish mumkin.
❓Xo‘sh, bunda nimalarga e’tibor qaratish kerak? Ayni paytda bolalar orasida qanday onkologik kasalliklar ko‘p uchrayapti?
➡️ Shu kabi savollarga Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalar bosh onkologi, tibbiyot fanlari nomzodi Tojiddin Mustafoyevdan javob oldik.
💬 — Saraton o‘lim xavfi yuqori bo‘lgan xastaliklar ro‘yxatida yetakchi o‘rinda turadi, — deydi mutaxassis. — Butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham bunday tashxis qo‘yilgan bemor o‘g‘il-qizlar soni kam emas.
🩺 Shu bois bugun mamlakatimizda saratonni o‘z vaqtida aniqlash va to‘g‘ri tashxis qo‘yish, sohaga zamonaviy jarrohlik amaliyotlarini keng tatbiq etish, bu orqali bemorlar salomatligini yaxshilashga jiddiy e’tibor qaratilyapti.
📊 Aytish kerak, hozir bolalar o‘rtasida uchraydigan onkologik kasalliklar ichida gemablastozlar qariyb qirq foizni tashkil etadi. Shuningdek, markaziy asab tizimi o‘smalari, neyroblastomalar, buyrak, suyak, yumshoq to‘qimalar, quloq, tomoq, burun, jigar va jinsiy a’zolar xavfli o‘smalari uchraydi.
❓ — Bunday kasalliklar kelib chiqishining asosiy sabablari nimada va uning oldini olish uchun qanday jihatlarga e’tibor qaratish lozim?
💬 — Bolalarda onkologik kasalliklar yuzaga kelishida, eng avvalo, embrional omillar asosiy o‘rin egallaydi. Shu bois homiladorlik davrida ona o‘z salomatligiga jiddiy e’tibor qaratishi lozim. Qolaversa, global iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat sifati ham bunda asosiy rol o‘ynaydi.
📌 O‘g‘il-qizlarda xavfli o‘sma kasalliklarining oldini olish uchun, birinchi navbatda, ota-onalar har tomonlama sog‘lom va zararli illatlardan xoli bo‘lishi, shuningdek ekologik muhit musaffoligi juda muhim hisoblanadi.
❓— Bolada xavfli o‘sma rivojlanayotganini qanday bilish mumkin?
💬 — Bunday o‘g‘il-qizlarda holsizlik, kamqonlik rivojlanadi. Tana harorati 37-37,5 gacha ko‘tariladi. Bundan tashqari, tana vazni kamayadi, periferik limfa tugunlari, jag‘osti, qo‘ltiqosti, bo‘yin, chovlarda limfa tugunlari kattalashadi.
⏩ Ana shunday alomatlar kuzatilsa, bolani zudlik bilan onkolog ko‘rigiga yo‘llash kerak. Bugungi kunda hududlarimizdagi tibbiyot muassasalarida bolalarda onkologik kasalliklarni erta aniqlash va davolash bo‘yicha barcha sharoitlar yaratilgan.
❓— Ba’zi bolalarda xalqimiz tilida nor, xol deyiladigan hosilalar bo‘ladi. Bular o‘g‘il-qizlar salomatligiga xavf tug‘dirmaydimi?
💬 — Nor tibbiyot tilida gemongioma deb ataladi. Bundan tashqari, bolalarda limfangiomalar, suyak osteomalari, yumshoq to‘qimalarda har xil xol ko‘rinishidagi hosilalar uchrab turadi. Bular xavfsiz o‘smalar hisoblanadi.
❌ Biroq ba’zilari xavfli turga aylanishi mumkin. Shu bois, farzandlar tanasidagi bunday hosilalarni ota-ona o‘z bilganicha bartaraf etishga urinishi, xollarni yulishga harakat qilish yoki har xil yog‘lar surib yo‘qotishga intilishi aslo mumkin emas.
‼️ Chunki bu – og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Agar bolaning badanida bunday hosilalar bo‘lsa, albatta, ularni tegishli mutaxassis ko‘rigidan o‘tkazib, shifokor tavsiyalariga amal qilish lozim.