Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda maromiga yetkazilmoqda. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida mazkur loyiha ko‘rib chiqilar ekan, deputatlar partiya maqsad-vazifalaridan kelib chiqqan holda, ijtimoiy soha xarajatlariga alohida to‘xtaldilar.
Jumladan, fraksiya a’zolari 2024 yilgi Davlat byudjeti loyihasida aholining turmush darajasini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligi va daromadlarining o‘sishini ta’minlash, aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida aks etayotganini e’tirof etdilar. Davlat byudjeti loyihasidagi aksariyat mablag‘lar bevosita fuqarolarning turmush darajasini oshirish uchun yo‘naltirilayotganiga e’tibor qaratdilar. Bu borada ko‘zda tutilayotgan maqsadlar partiya dasturiy vazifalariga hamohang va elektorat manfaatlariga daxldor ekanligini qayd etib, yana bir qator takliflarni o‘rtaga tashladilar.
Shuningdek, fraksiya a’zolari Davlat byudjetining parlamentda qonun sifatida tasdiqlanishi davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatini belgilash va amalga oshirish bilan bog‘liq katta mas’uliyat ekanini ta’kidlab, uning ijrosi ustidan deputatlik nazoratini o‘rnatish lozimligini qayd etishdi. Qizg‘in muhokama va savol-javoblardan so‘ng 2024 yilgi Davlat byudjeti loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.