Bugun 20 fevral, 2026 yil, juma

КИР

Boks. “Chiroyli g‘alabaga tayyorman” — Bektemir Meliqo‘ziyev ganalik raqibga qarshi jang haqida

Boks. “Chiroyli g‘alabaga tayyorman” — Bektemir Meliqo‘ziyev ganalik raqibga qarshi jang haqida

Professional boksning super o‘rta vazn toifasida faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev Sena Agbekoga qarshi jang oldidan o‘z fikrlarini bildirdi.

“Avvalambor, ushbu boks kechasida menga jang qilish imkoniyati berilganidan juda xursandman. Oldinda turgan bellashuvga murabbiylarimiz va jamoamiz bilan yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Xudo xohlasa, chiroyli g‘alabaga erishib, barcha muxlislarimizni, butun o‘zbek xalqini xursand qilishga tayyorman. Raqibning men haqimda bildirgan fikrlariga munosabatim shuki, kim kuchliroq ekani ringda ko‘rinadi, deydi Meliqo‘ziyev”.

O‘zbekistonlik bokschining raqibi “bezori” (Meliqo‘ziyevning professional boksdagi laqabi — Bek Bully)jangchini bezorilik bilan mag‘lub etishini ta’kidlagan edi.

Ma’lumot uchun, Bektemir Meliqo‘ziyev 2026 yil 22 fevral kuni tongda AQShning Las Vegas shahrida tashkil etiladigan professional boks oqshomining asosiy kardida ringga chiqadi. Ushbu jangda unga Gana vakili Sena Agbeko (29–4) raqib bo‘ladi.

Oqshomning markaziy jangi yarim o‘rta vazn toifasida WBC chempioni Mario Barrios va sobiq jahon chempioni Rayan Garcia o‘rtasida o‘tkaziladi.

Bektemir Meliqo‘ziyev so‘nggi bor 2025 yil 25 may kuni WBA Eliminator kamari uchun amerikalik Daryus Fulghemga qarshi ringga ko‘tarilgan. 12 raundlik jang to‘liq davom etib, unda Meliqo‘ziyev ochkolar hisobiga ko‘ra (114–112, 114–112, 114–112) g‘alaba qozongan.

Ayni paytda Bektemir Meliqo‘ziyev WBA yo‘nalishi bo‘yicha chempionlik kamari uchun majburiy da’vogar hisoblanadi. Biroq tashkilot hozircha uning WBA Super chempionlik kamari sohibi Armando Resendizga qarshi jangiga rasmiy buyruq bermagan.

29 yoshli Meliqo‘ziyev professional faoliyati davomida hozirga qadar 17 ta jang o‘tkazib, 16 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan. U 10 ta jangda raqiblarini muddatidan avval mag‘lub etgan. 33 yoshli Sena Agbeko hisobida esa 29 ta g‘alaba va 4 ta mag‘lubiyat mavjud.

Kiritildi: Bugun 11:45. O'qildi: 266 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!