Boks bo‘yicha Parij Olimpiadasi chempioni, JCh sovrindori Lazizbek Mullojonov antidoping qoidalarini buzganlikda gumon qilinmoqda.
Insayder Jalol Ahmedovning Xalqaro test agentligiga asoslanib ma’lum qilishicha, shu yil 11 iyun kuni musobaqadan tashqari o‘tkazilgan doping nazorati chog‘ida o‘zbekistonlik bokschi Lazizbek Mullojonovdan olingan namunada metasteron moddasi - anabolik-androgenik steroid aniqlangan.
Unga vaqtincha chetlatilish jazosi qo‘llanilgan. Sportchi bunga qarshi shikoyat kiritish va uni bekor qilishni so‘rash huquqiga ega deyiladi Boxer TV kanalida.
Bokschining murabbiyi Alisher To‘ychiyev Olamsport.com bilan suhbatda bu xabarni tasdiqladi va vaziyatga izoh berdi:
"Bu xabarlar rost. Lekin aprel oyida topshirilgan tahlilimiz ham "toza" chiqqandi. Iyun oyidagi tahlilda bu chiqib keldi. Noyabr oyida Lazizbek soch ektirish muolajasini qilgan va o‘sha payt modda uning organizmiga tushgan. U qanday dorilar qabul qilgani haqida barcha ma’lumotlarni tegishli joylarga yetkazib berganmiz", - dedi Alisher To‘ychiyev.